Joze Mourinyu "sotqin" degan haqoratga keskin javob qaytardi...

«Benfika» bosh murabbiyi Joze Mourinyu «Port-u» yordamchi murabbiyi Lucho Gonsales bilan maydon chetida yuz bergan janjal haqida ochiq gapirdi. Jamoalar o‘rtasidagi bahs 2:2 hisobida durang bilan yakunlangani bilan, o‘yindan keyingi asosiy muhokama aynan shu nizo atrofida aylandi: to‘qnashuvning oxirgi daqiqalarida Mourinyu ham, Gonsales ham qizil kartochka olib, maydondan chetlatilgan.
Mourinyuning aytishicha, bu bahsda uning joniga eng qattiq teggani — raqib shtabi vakili tomonidan aytilgan “sotqin” degan tamg‘a bo‘lgan. Lissabonliklar ustozi Gonsales uni “50 marta sotqin” deb ataganini ta’kidlab, eng avval shu savolni o‘rtaga tashladi: u kimga va nimada xiyonat qildi?
Mourinyu o‘z pozitsiyasini shunday tushuntirdi: u butun vujudi bilan «Port-u»ga xizmat qilgan, keyin esa kasbi taqozo etgani uchun «Chelsi», «Inter», «Real» va boshqa jamoalarda ishlagan. Uning fikricha, murabbiyning klubdan klubga o‘tishi — xiyonat emas, balki professional faoliyat. U har bir jamoada ishlaganda, o‘zini to‘liq shu klub ishiga bag‘ishlaydi, bu esa normal holat.
Shu joyda Mourinyu o‘ziga qarshi aytilgan haqoratni Gonsalesning o‘zi misolida ham sinab ko‘rdi: «U «Marsel»ga o‘tganda, «Port-u»ga xiyonat qilganmi?» degan savolni berdi. Ya’ni murabbiyning mantig‘i oddiy: agar futbolchi yo murabbiy boshqa klubga o‘tsa, bu avtomatik ravishda “sotqin” degani emas.
Mourinyu shuningdek, muxlislar haqorati bilan hamkasb tomonidan aytilgan haqoratni keskin ajratdi. Uning ta’kidlashicha, fanatlarning emotsiya bilan aytgan gapi — futbolning bir qismi: muxlislar hissiyotga beriladi, bu tabiiy. Ammo professional inson, ayniqsa futbol muhitidagi hamkasbing, senga shunday munosabat qilsa — bu allaqachon kasbga nisbatan hurmatsizlik, degan fikrni bildirdi.
U bunday gapni “professionallikka hujum” deb hisoblashini, shu sabab ham bu holat unga yoqmaganini yashirmadi. Mourinyu fikrini yanada keskinroq qilib, shunday dedi: u «Benfika»da bo‘lsa ham, ertaga boshqa klubda — «Eshtrela», «Moreyrense» yoki «Leyriya»da ishlasa ham, baribir bor kuchini berishi mumkin. Demak, masala qaysi klubda ekanligida emas, masala kasbga sadoqat va mehnatda.
Qisqasi, Mourinyu bu bahsni oddiy janjal emas, o‘z obro‘si va professional nomiga tegilgan zarba deb qabul qildi. Endi esa katta savol bitta: bu voqea keyingi turlarda ham davom etadimi,yoki tomonlar sovib, futbol yana maydonga qaytadimi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!