Xulian Alvares "Atletiko"dan ketishi mumkinligini inkor etmadi

"Atletiko Madrid" hujumchisi Xulian Alvares Chempionlar ligasi doirasida "Tottenxem" ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng o'z kelajagi borasida kutilmagan fikrlarni bildirdi. Argentina terma jamoasi a'zosi keyingi mavsumda ham Madrid klubida qolishiga to'liq ishonchi komil emasligini yashirmadi. Ayni paytda unga "Barselona" va "Arsenal" kabi top jamoalar qiziqish bildirmoqda. Bu haqda goal.com xabar beradi.
Chempionlar ligasining nimchorak finalida "Atletiko Madrid" o'z maydonida "Tottenxem"ni qabul qilib, 5:2 hisobida ishonchli g'alabaga erishdi. Ushbu uchrashuvda Alvares ikkita gol urib, jamoasining muvaffaqiyatiga katta hissa qo'shdi. O'yindan so'ng jurnalistlar uning kelajagi haqida savol berishganda, futbolchi aniq javob berishdan qochdi.
"Ijtimoiy tarmoqlarda turli xabarlar tarqalmoqda. Men bu yerda o'zimni yaxshi his qilyapman va barcha musobaqalarda g'alaba uchun kurashyapmiz. Ammo kelajakda nima bo'lishini hech kim bilmaydi. Balki qolarman, balki yo'q. Hozircha bor e'tiborimni o'z ustimda ishlashga va jamoaga yordam berishga qaratganman", dedi jahon chempioni.
Xabarlarga ko'ra, "Barselona" rahbariyati Alvaresni Robert Levandovskining o'rinbosari sifatida ko'rmoqda. Shuningdek, Angliyaning "Arsenal" va "Chelsi" klublari ham vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Garchi "Atletiko Madrid" prezidenti Enrike Serezo futbolchining sotilmasligini va u Diyego Simeone loyihasining muhim qismi ekanligini ta'kidlagan bo'lsa ham, hujumchining so'nggi bayonoti turli mish-mishlarni yanada kuchaytirdi.
Eslatib o'tamiz, 2026 yil boshidan beri gol urishda biroz oqsayotgan Alvares uchun "Tottenxem" darvozasiga kiritilgan gollar o'ziga bo'lgan ishonchni qaytarishda muhim ahamiyat kasb etdi. Uning o'zi ham hujumchi sifatida jamoaga gollar va assistlar bilan yordam berishni xohlashini alohida qayd etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!