date

Kannavaro: Mundialdan oldin 2 ta kuchli klubga qarshi maydonga tushamiz

Kannavaro: Mundialdan oldin 2 ta kuchli klubga qarshi maydonga tushamiz

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Gabonga qarshi bellashuvdan avval matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- "Birinchi o‘rinda kech qolganimiz uchun uzr so‘rayman. Ko‘chada tirbandlik bo‘lgani sabab, biz kech qoldik. Bu baribir o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lsa ham biz yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Shuningdek, har bir uchrashuvda g‘alaba qozonishga harakat qilamiz, Ko‘plab futbolchilarni sinovdan o‘tkazamiz. Shuni ham unutmasligimiz kerakki, biz Jahon chempionatiga yaqinmiz".

- Bu yig‘inda biroz ko‘proq yarim himoyachilar chaqirilmadimi? Vaholanki, vingerlar bu gal kamroq jalb etildi. Oston O‘runov, Alisher Odilov hamda Dostonbek Hamdamov. Maydon markaziga 8 ta futbolchi ko‘p emasmi?

- "Agar men uchrashuv davomida o‘yin sxemasini o‘zgartirmoqchi bo‘lsam, ushbu yarim himoyachilar orqali o‘yinga ta’sir qila olaman. Lekin shuni ham aytish kerakki, bu safar men 1 ta hujumchi ko‘proq chaqirdim".

- Gabon terma jamoasi Per-Emerik Obameyangsiz keldi. Bu jamoamizga qanchalik yordam beradi?

- "Demak, birinchi navbatda men o‘z jamoamga e’tibor berib, tayyorlashim kerak. Albatta, raqib jamoani ham o‘rganib chiqamiz. Ularning oxirgi o‘yinlarini tomosha qilib chiqdik. Shubhasiz, Per-Emerik Obameyang ularning eng kuchli hujumchisi va yetakchisi hisoblanadi. Shunday bo‘lsa ham, biz bor e’tiborimizni o‘y o‘yinimizga qaratganmiz. To‘g‘ri, ba’zida raqibimiz kuchli bo‘lishi mumkin, ba’zida esa kuchsiz. Futbolda nomlar o‘ynamaydi, maydonda bu katta rol o‘ynamaydi. Chunki ba’zan nomdor o‘yinchilar yo‘q deb, biz e’tiborimizni yo‘qotishimiz mumkin. Shu sabab, biz nomlarga qaramasdan, maydonda bor kuchimizni berib harakat qilishimiz kerak".

- Jarohata olgan futbolchilar holati haqida murabbiy fikr bildira oladimi? Abbosbek Fayzullayev va boshqa futbolchilar haqida.

- "Bu oy davomida ko‘plab futbolchilarni kuzatdik. Hattoki, jarohatlangan futbolchilarni kuzatib bordim. Shuningdek, Rimda bo‘lib o‘tgan ularning operatsiyasiga ham tashrif buyurdim. Mening asosiy vazifam - ularga umid berish. Hech kimda Jahon chempionatida ishtirok etish uchun umidlar yo‘qolmagan. Shuni ham aytishim kerak, barcha futbolchilar uchun terma jamoaning eshiklari ochiq. Mening asosiy ishim yaqqol bitta tarkibni shakllantirish. Abbosbek Fayzullayev men kelganimdan buyon juda ko‘p jarohat oldi. Garchi ko‘plab jarohatlarga qaramasdan, biz qattiqroq harakat qilishimiz kerak. Biz bilmaymiz Jahon chempionatiga kim borishini, so‘nggi sekundlargacha barchani kuzatib boramiz".

- Ertangi o‘yinda jangovar tarkibni maydonga tushirasizmi yoki tarkibga jalb qilingan yangi futbolchilar boshlang‘ich tarkibda bo‘ladimi?

- "Men ushbu ikki o‘yin davomida barcha o‘yinchilarga imkon berishga harakat qilaman. Sababi, ushbu turnirdan maqsad ham shu - barcha futbolchilarni ko‘rib olish".

- Biz bilamizki bu Jahon chempionati oldidan oxirgi FIFA kunlari hisoblanadi. Bu tarkibga jalb etilgan futbolchilar, mundialga boradigan asosiy futbolchilar deb ayta olamizmi?

- "Bizning kengaytirilgan tarkibimizdan 55 ta futbolchilar o‘rin olgan. Lekin shunga qaramasdan, boshqa futbolchilarni ham kuzatib boramiz. Balki boshqa futbolchilar ichki chempionatda o‘zini yaxshi ko‘rsatsa, tarkibga qo‘shishimiz mumkin".

- Mazkur turnir uchun qaydnoma e’lon qilinganda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim yaxshi formadagi futbolchilarning tarkibga qo‘shilmagani uchun muxlislar orasida muhokamalar bo‘lib o‘tmoqda. Agar sizda tarkibni yanada kengaytirish imkoni bo‘lganida, Superligadan yana qaysi futbolchilarni tarkibga jalb qilgan bo‘lar edingiz? Ya’ni sizga o‘yini yog‘gan, biroq limit borligi sabab chaqira olmagan futbolchilaringiz bormi va bo‘lsa ular qaysilar?

- "Mening o‘zim chaqirishni xohlagan futbolchilar juda ham ko‘p. Ayniqsa, Dubaydagi yig‘inda ham biz ko‘plab futbolchilarni sinovdan o‘tkazdik va ular orasida ham men chaqirishni xohlagan o‘yinchilar yetarlicha edi. Tanlov ko‘pligi ham men uchun yoqimli deyish mumkin. Bizda 55 talik ro‘yxat bor, ular orasida yosh futbolchilar ham, tajribali futbolchilar ham bor. Albatta, ismlarga to‘xtalmagan bo‘lar edim. Men yig‘in davomida har bir futbolchi bilan alohida gaplashib chiqdim, meni xursand qilgan jihat shuki, har bir futbolchi terma jamoaga kelganda qandaydir faxr tuyg‘usini his qilishadi. Bu juda ham muhim hisoblanadi. Biz yig‘indan tashqari, barcha futbolchilar bilan telefonda gaplashamiz, ularning holatini o‘rganamiz, tanishamiz. Men o‘ylayman, bu juda ham muhim hisoblanadi".

- Savolim uchrashuvlar haqida emas, savolim Del Pero bilan bo‘lgan podkast haqida. Siz u yerda aytib o‘tdingizki, Jahon chempionatidagi penaltilar seriyasidagi bosim haqida. Siz bu borada futbolchilarimiz bilan ham gaplashib turasizmi? Biz bilamiz oxirgi o‘yinlarda bizda bu bilan muammolar bo‘lmoqda.

- "Menimcha, siz Eronga qarshi o‘yinimizdagi penaltilar seriyasini ko‘rmagansiz shekilli. Biz har bir mashg‘ulotlarda penaltilar ustida ishlaymiz. Lekin ba’zan mashg‘ulotlar ham yordam bera olmasligi mumkin, sababi ba’zida futbolchilar ichidagi hissiyot ham katta sahnaga chiqadi. Shu sababdan, biz har doim o‘yinchilar bilan gaplashib, tajriba almashamiz".

- Vladimir Nazarov nima sababdan ushbu yig‘inga jalb etilmadi? Bu Superkubokdagi xato bilan bog‘liqmi yoki O‘tkir Yusupovning yana safga qaytgani bilan bog‘liqmi? Shuningdek, bizning birinchi raqamli darvozabonimiz ma’lummi?

- "Biz barcha darvozabonlarni kuzatamiz, hozirgi kunda biz kimni ma’qul deb topgan bo‘lsak, kimlarni terma jamoaga loyiq deb bilgan bo‘lsak, shularni chaqirdik. Shu bois, men ro‘yxatda yo‘q bo‘lgan posbonlar haqida gapirishni istamasdim. Ular menga isbotlashi kerakki, men xato qilganman ularni milliy terma jamoaga chaqirmasdan. Shu kungacha biz 5 ta darvozabonni sinovdan o‘tkazdik, men o‘ylayman bu raqobatni ancha kuchaytirib beradi".

- Bu rasmiy musobaqa, agar Gabon yoki Venesuela bilan o‘ynamaganimizda biz qaysi jamoalarga qarshi maydonga tushgan bo‘lar edik? Shuningdek, Eronda harakat qilgan futbolchilarimizning hozirgi o‘yin amaliyotsiz qolib ketgani qanchalik ta’sir qiladi?

- "Albatta, biz Erondagi futbolchilardan tashvishdamiz, Yaxshiyamki, ular erta qaytib olishdi. Biz FIFAga so‘rov yubordik, ular tezroq Superliga klublariga o‘tishlari bo‘yicha. Hozirgi kunda kuchli klub topishni o‘zi qiyin. Lekin Jahon chempionati oldidan biz 2 ta kuchli klubga qarshi maydonga tushamiz. Bittasi - Kanada, ikkinchi endi aniq bo‘ladi".

- Terma jamoa murabbiyi uchun tanlovlar bo‘lgani yaxshi. Lekin bizda jarohatlar ko‘paymoqda, biz ularni o‘rnini qanday qilib to‘ldiramiz? Bundan tashqari, legioner futbolchilarimizning jismoniy holati Superliga futbolchilariga nisbatan biroz yaxshiroq.

- "Agar ular legioner sifatida o‘ynashsa, haqiqatdan kuchli hisoblanishadi. Superligamizdagi muammolardan biri - o‘yin tempi yuqori emas. Mahalliy futbolchilarimizning holati har doim ham yaxshi holatda emas. Bilaman, oxirgi oy bizda ro‘za oyi edi, ko‘plab futbolchilar ro‘za tutishdi. Ko‘plab futbolchilarni kuzatdik va o‘yinlarning tempi hamda darajasi kamaydi. Men har doim ularga qo‘shishni, yaxshilashni maslahat beraman. 100 foizdan ham ko‘proq ishlash kerak. Ushbu holatdagi mening asosiy xavotirim, darajasi emas, ularning jismoniy holati. Bilamiz, Jahon chempionati oldidan bizda 2 3 hafta vaqt bo‘ladi, lekin ushbu vaqt ichida ularning jismoniy holatini yaxshilashga ulgurmaymiz. Shuning uchun biz yanvardan buyon bu ustida ishlab kelyapmiz".

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Kannavaro: Mundialdan oldin 2 ta kuchli klubga qarshi maydonga tushamiz