Sport vaziri Italiyaning pley-offdagi mag‘lubiyati haqida nimalar dedi?

Italiya milliy terma jamoasining Jahon chempionati–2026 saralashidagi muvaffaqiyatsizligi mamlakat sport siyosatida keskin munosabatlar yuzaga keltirdi. Sport vaziri Andrea Abodi mazkur holatga javoban ochiq bayonot bilan chiqib, italyan futbolini tubdan isloh qilish zarurligini taʼkidladi.
Eslatib o‘tamiz, Jennaro Gattuzo shogirdlari hal qiluvchi bahsda Bosniya va Gersegovinaga imkoniyatni boy berib, ketma-ket uchinchi bor mundialdan mahrum bo‘ldi.
Abodi fikricha, futbol Italiyada faqat sport emas, balki madaniyat va xalqaro obro‘ning muhim qismi hisoblanadi. U buning uchun FIGC rahbariyatidagi kadrlar almashinuvi orqali tizimni qayta qurish lozimligini aytib o‘tdi.
"Italiya futboli tubdan qayta qurilishga muhtoj va bu jarayon FIGC (Italiya futbol federatsiyasi) rahbariyatidagi kadrlar almashinuvidan boshlanishi kerak. Futbol — bu shunchaki sport emas, ayniqsa Italiyada u madaniyatimizning bir qismi va xalqaro obro‘yimiz belgisidir. Butun bir avlod bolalar va yoshlar hali biror marta Jahon chempionatida o‘z terma jamoasi o‘yinini ko‘rmay ulg‘ayayotganini o‘ylash juda mahzun", — dedi Abodi.
Vazir shuningdek, iqtisodiy va harbiy inqirozlar davrida futbol aholi uchun ijtimoiy ritual va quvonch manbai bo‘lishi kerakligini, ammo ketma-ket mag‘lubiyatlar bu imkoniyatni yo‘qqa chiqarganini taʼkidladi.
Shu tariqa, Italiya futbol federatsiyasi rahbariyatiga bo‘layotgan bosim davlat darajasiga ko‘tarildi va federatsiya prezidenti Gabriele Gravinaning taqdiri ham katta so‘roq ostida qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!