Janubiy Koreyaga qarshi bahsda U-20 qizlarimiz mag‘lubiyatga uchradi

2026 yilgi U-20 Ayollar Osiyo kubogi doirasida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi navbatdagi uchrashuvini o‘tkazdi. Tailanddagi “Nonthaburi” stadionida bo‘lib o‘tgan ushbu bahsda qizlarimiz Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushib, 2:0 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Uchrashuv davomida raqib jamoa tashabbusni qo‘lga olishga harakat qildi va birinchi bo‘lim oxiriga yaqin hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. 43-daqiqada Jin Xe Rin tomonidan kiritilgan gol koreyaliklarga ustunlikni taʼminladi. Ikkinchi bo‘limda ham raqib bosimni pasaytirmadi va 72-daqiqada Cho Xyo Yan penaltidan foydalanib, hisobni yana-da yiriklashtirdi.
Shunga qaramay, terma jamoamiz maydonda kurashdan to‘xtamadi va bir qator xavfli hujumlar uyushtirishga harakat qildi. Biroq yakunda hisob o‘zgarmadi va bahs koreyaliklar foydasiga hal bo‘ldi.
2026 yilgi U-20 Ayollar Osiyo kubogi
2 aprel | 14:00
Tailand, “Nonthaburi" stadioni
Koreya Respublikasi – O‘zbekiston 2:0
Gollar: Jin Xe Rin 43‘, Cho Xyo Yan penalti 72‘
Albatta, bu natija muxlislar uchun kutilganidek bo‘lmadi. Lekin yosh jamoa uchun bunday turnirlar katta tajriba maktabi hisoblanadi. Har bir o‘yin, hatto mag‘lubiyat ham, kelajakdagi o‘sish va rivojlanish uchun muhim saboq vazifasini o‘taydi.
Eslatib o‘tamiz, U-20 ayollar terma jamoamiz oldinda yana ikki muhim uchrashuv o‘tkazadi. 5 aprel kuni qizlarimiz KXDRga qarshi maydonga tushsa, 8 aprel kuni Iordaniya terma jamoasi bilan kuch sinashadi.
Endi eng muhim narsa — ruhiy tushkunlikka tushmaslik. Turnir hali tugagani yo‘q, demak, imkoniyat ham bor. Qizlarimizda xarakter bor — endi uni natijaga aylantirish vaqti keldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!