date

Eldor Shomurodov tanlovi ochildi: “Bashakshehir”da yangi bosqich boshlandi...

Eldor Shomurodov tanlovi ochildi: “Bashakshehir”da yangi bosqich boshlandi...

O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov so‘nggi yillardagi barqaror o‘yini va yuqori natijalari bilan nafaqat mamlakat, balki xalqaro maydonda ham eʼtibor markaziga aylanib ulgurdi. U milliy jamoa safida 90 ta uchrashuvda ishtirok etib, 44 bor raqib darvozasini ishg‘ol qilgan holda bu ko‘rsatkich bo‘yicha mutlaq yetakchi bo‘lib turibdi.

Ayni vaqtda 30 yoshli to‘purar oldida katta maqsad — O‘zbekiston tarixidagi ilk jahon chempionatida ishtirok etish turibdi. Shu bois u o‘z faoliyatida eng to‘g‘ri qarorlarni qabul qilishga harakat qilmoqda. Turkiyaning nufuzli sporx.com portaliga bergan intervyusida Shomurodov o‘z tanlovi ortidagi sabablarni ochiq-oydin tushuntirib berdi.

Futbolchining taʼkidlashicha, u Rossiyaga qaytish variantini umuman ko‘rib chiqmagan. Bir nechta takliflar, jumladan “Beshiktosh” va boshqa jamoalardan qiziqish bo‘lganiga qaramay, u “Bashakshehir”ni tanladi. Bu qarorning asosiy sababi — muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish va jahon chempionati oldidan maksimal tayyorgarlik ko‘rish istagi bo‘lgan.

Shomurodov “Roma”da qolish imkoniyati ham bo‘lganini yashirmadi, ammo u yerda doimiy o‘yin vaqti kafolatlanmagani uchun boshqa yo‘lni tanlagan. Uning fikricha, Istanbul klubida bosim kamroq va har bir uchrashuvda maydonga tushish imkoniyati yuqori. Bu esa 30 yoshli futbolchi uchun nihoyatda muhim omil hisoblanadi.

- "Menga Rossiyadan hech qanday taklif tushmagan va o‘zim ham bu mamlakatga qaytish variantini ko‘rib chiqmaganman. “Beshiktosh” va “Bashakshehir”dan, shuningdek boshqa ligalardan chorlovlar bor edi.

Men “Bashakshehir”ni tanladim, chunki oldinda jahon chempionati bor va ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni istadim. “Roma”da ham qolishim mumkin edi, lekin o‘zim buni xohlamadim. Bu yerda bosim kamroq. Menga har bir uchrashuvda o‘ynashimni aytishdi. Bu men uchun juda muhim, chunki yoshim o‘ttizda", - deydi Eldor Shomurodov.

Forvard shuningdek jamoaning infratuzilmasi va rivojlangan akademiyasini ham alohida taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Bashakshehir” so‘nggi 11 yil davomida muntazam ravishda Yevrokuboklarda ishtirok etib kelmoqda va milliy chempionatda ham g‘olib chiqqan. Bu esa klubning jiddiy va barqaror loyiha ekanini ko‘rsatadi.

- "Men juda yaxshi yoshlar akademiyasiga ega bo‘lgan klubni tanladim. “Bashakshehir” 11 yildan beri muntazam Yevrokuboklarda ishtirok etib keladi. Bu jamoa milliy chempionatda ham g‘olib chiqqan", - deydi Eldor Shomurodov.

Jamoaga Nuri Shaxin kelgani ham Shomurodov uchun kutilmagan, ammo yoqimli yangilik bo‘lgan. U murabbiyning o‘yin uslubi o‘zining futbol qarashlariga mos kelishini va bu holat unga qo‘shimcha ishonch bag‘ishlaganini bildirdi.

- "Nuri Shaxinni kelgani meni hayron qoldirdi. U menga yoqadigan futbol namoyish qiladi. Bu menga yana-da ko‘proq ishonch bag‘ishladi", - deydi Eldor Shomurodov.

Shomurodov o‘z faoliyatidagi muhim burilishlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi. U Romaga o‘tganida o‘zini Edin Jeko kabi yetakchi forvard sifatida tasavvur qilganini aytdi. Biroq klub Temmi Abraxamni katta mablag‘ evaziga olib kelganidan so‘ng vaziyat keskin o‘zgargan va asosiy tarkib uchun raqobat yana-da kuchaygan.

- "Men “Roma”ga o‘tganimda xuddi Edin Jekodek bo‘laman, deb o‘ylagandim. Imkoniyatlarim qanday ekani haqida juda ko‘p muhokama qilganmiz. “Roma”dan boshqa joyda o‘ynasam bo‘lmasmidi, degan savol tug‘iladi.

“Roma” 40 million yevroga Temmi Abraxamni transfer qilganidan keyin hammasi birdaniga o‘zgarib ketdi, unga har bir uchrashuvda 90 daqiqa o‘ynash imkonini berishdi", - deydi Eldor Shomurodov.

Shunga qaramay, o‘zbek hujumchisi o‘z imkoniyatlarini boshqa jamoalarda namoyon etishga harakat qildi. U turli klublarda ijara asosida o‘ynab, tajriba to‘pladi va keyinchalik yana “Roma”da o‘z o‘yinini namoyon etishga erishdi. Ayniqsa, Klaudio Ranyeri qo‘l ostida uning o‘yini ochilib, jamoa hujum chizig‘ida muhim figuraga aylandi.

Biroq murabbiylar almashinuvi — Jan Pyero Gasperinining kelishidan so‘ng Shomurodov yangi chaqiriq izlashga qaror qildi va natijada Turkiyaga yo‘l oldi.

Hozirda u “Bashakshehir” safida barqaror o‘yin ko‘rsatmoqda: barcha musobaqalarda 37 ta uchrashuvda ishtirok etib, 17 ta gol va 5 ta golli uzatma amalga oshirdi. Bu raqamlar uning to‘g‘ri tanlov qilganini yaqqol isbotlab turibdi.

Qisqasi, Eldor Shomurodov o‘z karyerasida yangi bosqichni boshladi. Endi eng asosiy savol — u jahon chempionatida ham shu formani saqlab qola oladimi? Agar hozirgi tempda davom etsa, raqiblar darvozasi yana ko‘p bor titraydi, bu fakt.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov tanlovi ochildi: “Bashakshehir”da yangi bosqich boshlandi...