Javohir Sindorov Nomzodlar turnirida peshqadamlikni davom ettirmoqda

O‘zbekistonlik mashhur shaxmatchi Javohir Sindorov 7 aprel kuni Kiprda o‘tkazilayotgan 2026 yilgi Nomzodlar turnirining sakkizinchi turida rossiyalik grossmeyster Andrey Yesipenko bilan durang qayd etdi. Raqiblar 24-yurishdan so‘ng o‘yinni durang bilan yakunlashga rozilik bildirishdi.
Hozirda Sindorov 8 imkoniyatdan 6,5 ochko (5 g‘alaba va 3 durang) to‘plab, turnir jadvalida yagona peshqadamlikni saqlab qolmoqda. Hatto ochko yo‘qotganiga qaramay, u eng yaqin raqibi Fabiano Karuana bilan oradagi farqni yana-da oshirdi, chunki amerikalik grossmeyster AQSHning boshqa vakili Hikaru Nakamuraga mag‘lub bo‘ldi va endi Sindorovdan 2 ochko orqada qoldi.
Uchinchi va to‘rtinchi o‘rindagi Anish Giri (Niderlandiya) va Rameshbabu Pragnanandha (Hindiston) o‘rtasidagi bahs ham durang bilan yakunlandi, ular ham yuqoriga ko‘tarila olmadi. Shuningdek, 5 va 6-o‘rinlardagi Mattias Blyubaum (Germaniya) va Vey I (Xitoy) ham durangga erishdi.

Bugun, 8 aprel kuni Sindorov to‘qqizinchi turda Blyubaumga qarshi qora donalarda harakat qiladi. Ular birinchi davrada ham durang qayd etgan edilar.
Yesipenko bilan bahsdan keyin bergan intervyusida Sindorov, tavakkalchilikka emas, ishonchli strategiyaga eʼtibor qaratganini aytib o‘tdi:
«Raqibdan kataloncha debyut kutgan edim. Debyutdan so‘ng men tayyorlagan pozitsiya paydo bo‘ldi va u menga yoqdi. Andrey uzoq o‘yladi. Shu payt tushundimki, agar piyoda qurbon qilmasam, faqat kichik ustunlikka ega bo‘lamiz, lekin o‘yin uzoq bo‘ladi. Shu sabab tashabbus uchun piyoda qurbon qildim», – dedi u.
Uning fikricha, bu qurbonlikdan so‘ng pozitsiya ancha qulay bo‘lgan va natijani maʼqul deb baholaydi: «O‘sha vaziyat juda yoqdi. Bugungi natija men uchun yaxshi».
Durang natija shaxmatga taʼsir qiladimi, degan savolga Sindorov shunday javob berdi: «Oldin ham duranglar bo‘lgan. Men uchun eng muhimi sifatli shaxmat o‘ynash. Imkoniyat paydo bo‘lsa, har doim raqibga bosim qilishga harakat qilaman».
Sindorov partiyadagi birinchi yurishni braziliyalik futbolchi David Luiz amalga oshirganini ham eslab o‘tdi: «Men ham, Andrey ham futbol muxlisimiz. Bunday mehmonlar kelganda xursand bo‘lamiz».

O‘z tayyorgarligining tarqalib ketgani haqida gapirarkan, u gap eski variantlar haqida ketayotgani, shundan so‘ng o‘zi ancha ehtiyotkor bo‘lib qolganini qayd etdi.
Lichess platformasida tayyorgarlik maʼlumotlari tarqalgani haqida so‘ralganda, Sindorov buni katta muammo deb hisoblamaydi: «Yo‘q, bu muammo emas. Ushbu yozuvlarni oxirgi marta qachon ochganimni ham eslamayman. Ammo Jahon kubogi paytida muxlislar shunday yozishgandi. Shundan keyin ancha ehtiyotkor bo‘lib, bunday tahlillardan foydalanmayman».
Magnus Karlsen kabi dunyo yulduzlari eʼtibori haqida so‘ralganda, Sindorov tashqi baholarga chalg‘imaslikka harakat qilayotganini aytdi: «Ha, ishtirokim kuchli ko‘rinayotganini tushunyapman, ammo bu faqat bitta turnir. Musobaqa hali davom etmoqda va men shunday narsalarga chalg‘imaslikka harakat qilaman».
Yakunda u vatandoshi Nodirbek Abdusattorovning iliq so‘zlariga munosabat bildirdi: «Buni eshitish juda yoqimli. Biz ko‘plab turnirlarda birga o‘ynadik va yaqin do‘stmiz. U uchun xursandman – uchta yirik turnirda g‘olib bo‘ldi. Umid qilamanki, kelajakda u ham jahon chempioni bo‘ladi».
Maʼlumot uchun, 29 mart kuni Kiprda boshlangan 2026 yilgi Nomzodlar turniri 15 aprelgacha davom etadi. Unda dunyoning 8 nafar kuchli grossmeysteri ishtirok etib, ikki davrada (jami 14 tur) o‘zaro bahs olib borishadi. G‘olib amaldagi jahon chempioni Dommaradju Gukesh bilan shaxmat toji uchun bahs olish huquqiga ega bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!