Javohir Sindorov Xikaru Nakamura bilan durangni qanday izohladi?

Foto: Michal Walusza / FIDE
O‘zbekistonlik shaxmat yulduzi Javohir Sindorov Nomzodlar turnirining 12-turida amerikalik grossmeyster Xikaru Nakamura bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qayd etilgan durang yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Ushbu partiya turnir tarixidagi eng qisqa uchrashuvlardan biri sifatida qayd etildi. Tomonlar kataloncha debyutning bir variantini tanlab, taxminan 35 daqiqadayoq durangga kelishishdi.
Sindorov matbuot anjumanida bu turdagi asosiy maqsadi kuchni tejash va ortiqcha tavakkalchilikdan qochish bo‘lganini ochiq bildirdi. Uning taʼkidlashicha, oldingi turda Fabiano Karuanaga qarshi o‘yin juda og‘ir o‘tgan va bu uni ancha charchatgan.
— “Bugungi durang yaxshi natija. Hozirgi holatda Nakamura bilan uzoq va og‘ir partiya o‘ynash uchun sabab ko‘rmadim. Shuning uchun xavfli variantlarga kirishmadim. Agar u uzoq o‘yin xohlasa, men tayyor edim. Lekin u ham ehtiyotkor yo‘l tanlashini kutdim. Hatto partiyadan oldin tez durang bo‘lishini sezgandim. Kechagi o‘yin juda og‘ir bo‘lgandi va charchoq bor edi,” — dedi Javohir Sindorov.
Bu turda uning eng yaqin raqibi bo‘lgan niderlandiyalik Anish Giri ham durang qayd etdi. Shu tariqa turnir yakuniga ikki tur qolganida Sindorov (9 ochko) va Giri (7 ochko) o‘rtasidagi farq 2 ochkoga teng bo‘lib qolmoqda.

Eng muhim jihat — navbatdagi turda aynan shu ikki shaxmatchi o‘zaro to‘qnash keladi. Bu bahsdagi durang natijayoq Sindorovga muddatidan avval g‘alabani taʼminlashi mumkin. Giri uchun esa birinchi o‘rin faqat nazariy imkoniyat sifatida qolmoqda.
Sindorov bu o‘yinga to‘liq tayyorgarlik bilan chiqishini taʼkidladi:
— “Anish ehtimol uzoq partiya o‘ynaydi. Men esa har qanday vaziyatga tayyorman. Agar u yutishga harakat qilsa, men ham kurashaman. Lekin turnir holatiga qarab harakat qilaman. Tayyorgarlikni ChessBase orqali olib boraman, partiyalarini tahlil qilaman. Uning ijtimoiy tarmoqlarda nima yozayotgani men uchun ahamiyatli emas,” — dedi u.
Turnirda 13 aprel dam olish kuni bo‘lib o‘tdi. Sindorov bo‘sh vaqtni dam olish va yengil faoliyatlar bilan o‘tkazishni rejalashtirganini aytdi.
— “Dam olaman, videoo‘yinlar o‘ynayman. Balki Counter-Strike ham o‘ynarman,” — dedi u tabassum bilan.
13-tur uchrashuvlari 14 aprel kuni Toshkent vaqti bilan 17:45 da boshlanadi. Sindorov Giriga qarshi qora donalarda harakat qiladi. Ilk davradagi o‘yinda ular durang qayd etgan edi.
Agar Sindorov ushbu turnirda chempionlikni taʼminlasa, u jahon chempioni unvoni uchun Dommaraju Gukesh bilan o‘ynash huquqini qo‘lga kiritadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!