Lamin Yamal ishonch bilan: “Barsa” kambek qilishga tayyormi?

Kataloniyaning mashhur grandi — “Barselona” jamoasi hujumchisi Lamin Yamal Chempionlar ligasi chorakfinalidan o‘rin olgan “Atletiko”ga qarshi javob bahsi oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Birinchi uchrashuvda 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan “ko‘k-anorranglilar”ni Madridda juda jiddiy sinov kutmoqda.
Yosh, ammo allaqachon katta bosimni his qilayotgan Yamal ushbu muhim bellashuv oldidan ruhiy tayyorgarlikka alohida eʼtibor qaratmoqda. U ijtimoiy tarmoqlardagi avatariga LeBron James‘ning NBA kubogi bilan tushgan suratini qo‘ygani bejiz emasligini taʼkidladi.
Futbolchi bu orqali o‘zini motivatsiya qilmoqchi ekanini yashirmadi:
— Lebron — meni ilhomlantira oladigan insonlardan biri. Shuning uchun aynan uni tanladim. Uning NBAda jamoasi bilan 1:3 hisobida ortda qolib, seriyani 4:3ga burganini eslayman. Bu — haqiqiy iroda namunasi. Men ham xuddi shunday holatni takrorlashga ishonaman, — dedi Yamal.

Foto: Getty Images
Uning fikricha, bugungi “Barselona” tarkibida o‘yinni o‘zgartira oladigan futbolchilar yetarlicha. Yamal o‘zini jamoadagi yagona yetakchi sifatida ko‘rmasligini, aksincha, barcha futbolchilar birgalikda natija uchun kurashishi kerakligini alohida taʼkidladi.
Masʼuliyat masalasiga to‘xtalgan yosh vinger shunday dedi:
— “Barselona”dek klubda o‘ynayotganimdan xursandman. Bu yerda juda yuqori saviyaga ega, katta tajriba to‘plagan va har mavsum o‘z darajasini isbotlab kelayotgan jahon darajasidagi futbolchilar jamlangan. Shuning uchun o‘yin faqat menga bog‘liq deb o‘ylamayman. Lekin shunday bo‘lsa ham, men bundan qochmayman. Jamoamdagi har bir futbolchi hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin va men ularga ishonaman.
Darhaqiqat, “Barselona” uchun oldinda turgan o‘yin — mavsum taqdirini belgilab berishi mumkin bo‘lgan hal qiluvchi to‘qnashuvlardan biri. Kambek qilish oson emas, lekin futbolda imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q.
Maʼlumot uchun, javob bahsi 14 aprel kuni Madrid shahridagi “Metropolitano” stadionida bo‘lib o‘tadi. Endi barcha nigohlar aynan shu uchrashuvga qaratilgan — “Barsa” moʻjiza qila oladimi yoki “Atletiko” o‘z ustunligini saqlab qoladimi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!