O‘zbekiston boksida zahira kuchli: qozog‘istonlik murabbiy ochiq baho berdi

Qozog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan murabbiy Tursung‘ali Yedilov “Sportarena.kz” nashriga bergan intervyusida Ulan-Bator shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro turnir doirasida o‘zbekistonlik bokschilar ishtirokini atroflicha baholab berdi. Mazkur musobaqada Qozog‘iston terma jamoasi medallar jamg‘arish bo‘yicha peshqadam bo‘lib, birinchi o‘rinni egallagani maʼlum.
Mutaxassisning taʼkidlashicha, Qozog‘iston jamoasi turnirga eng kuchli tarkib bilan yo‘l olgan va bu o‘z samarasini bergan:
«Ushbu turnirga terma jamoamiz bosh murabbiyi Nurjan Nasanov asosiy yetakchilarni olib bordi va natijada to‘rtta oltin medal qo‘lga kiritildi. O‘zbekiston esa ikkinchi-uchinchi raqamli tarkib bilan kelib, uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu nimani anglatadi? O‘zbekistonda zaxira borasida hech qanday muammo yo‘q», — dedi Tursung‘ali Yedilov.
Shu bilan birga, u ayrim qozog‘istonlik bokschilar kutilgan natijani ko‘rsata olmaganini ham yashirmadi. U o‘zbekistonlik sportchilar haqida ham xolis fikr bildirdi:
«O‘zbekiston jamoasida ham hamma birdek yaxshi chiqish qilmadi. O‘rta vazn toifasida Asadullayev muvaffaqiyatsiz ishtirok etdi. Ammo umumiy taassurot shuki, ularning aksariyati juda istiqbolli yigitlar. Madaminov -65 kg vaznda eng yaxshisi bo‘ldi, Erkinboyev yarim og‘ir vaznda nihoyatda raqobatbardosh ekanini ko‘rsatdi, yosh Mamasoliyev esa -90 kg gacha bo‘lgan vazn toifasida barcha raqiblarini mag‘lub etdi. Qo‘shni mamlakatda aksariyat olimpiya vazn toifalarida raqobat juda kuchli. U yerda yoshlar yetakchilarga bo‘shashishga imkon bermaydi. Bizda-chi? Qator vaznlarda murabbiylar kimni yuborishni o‘ylab qolishadi yoki bitta yetakchi bor-u, uning ortida esa bo‘shliq», — deya fikr bildirdi mutaxassis.
Sobiq murabbiy yana bir muhim jihatga alohida urg‘u berdi. Uning fikricha, o‘zbekistonlik murabbiylar bu turnirni faqat tajriba maydoni sifatida emas, balki raqiblarni o‘rganish imkoniyati sifatida ham foydalangan:
«Men ko‘p bora aytganman: bizdagi katta muammo shundaki, O‘zbekistonda bokschilarni biznikilarga qarshi janglarga juda jiddiy tayyorlashadi. Bizda esa go‘yoki bunday yondashuv yetishmaydi. Masalan, Mahmud Sabirxon bilan Shahzod Muzaffarov o‘rtasidagi jangni oling. Avval ular uch bor to‘qnash kelishgan va har safar bizning bokschi oson g‘alaba qozongan edi. Bu safar esa ikki karra jahon chempioni g‘alabani tom maʼnoda “tishlari bilan sug‘urib oldi”. Shu bois, Osiyo o‘yinlarida bizning bokschilarimiz o‘zbekistonlik raqiblarga qarshi juda qiyin janglar o‘tkazadi, deb o‘ylayman. Chunki ular bizni puxta o‘rganib chiqishgan, biz esa ularning yetakchilarini yetarlicha tahlil qilmaganmiz», — dedi Yedilov.
Maʼlumot o‘rnida, yozgi Osiyo o‘yinlari 19 sentyabrdan 4 oktyabrgacha Yaponiyaning Nagoya shahrida bo‘lib o‘tadi. Qozog‘iston erkaklar terma jamoasi ushbu musobaqada so‘nggi bor 2014 yilda g‘olib chiqqan bo‘lib, shundan keyingi ikki turnirda kutilgan natijalarni qayd eta olmagan.
Umuman olganda, mutaxassisning fikrlari bir jihatni yaqqol ko‘rsatmoqda: O‘zbekiston boksida zahira mustahkam, raqobat yuqori va bu kelajakda yana-da yirik g‘alabalar uchun jiddiy zamin yaratadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!