Karuana o‘zbek shaxmat maktabining “oltin avlodi” haqida fikr bildirdi

Jahonning yetakchi grossmeysterlaridan biri Fabiano Karuana o‘zbek shaxmat maktabi va uning “oltin avlodi” haqida fikr bildirib, mamlakatdagi yosh iqtidorlar tez surʼatda o‘sib borayotganini taʼkidladi.
Uning aytishicha, Rustam Qosimjonov 2020–2021 yillar atrofidayoq o‘sha davrda juda yosh bo‘lgan, lekin ulkan salohiyatga ega shaxmatchilar haqida gapira boshlagan. Hatto u Nodirbek Yoqubboyevni eng isteʼdodli va eng umidli shaxmatchilardan biri sifatida ko‘rgan. Karuana bu kabi yosh va kuchli shaxmatchilar haqida aniq prognoz berish juda qiyin ekanini ham qayd etdi.
U Nodirbek Abdusattorov bilan ilk marta 2021 yilgi rapid jahon chempionatida o‘ynaganini eslab, o‘sha turnini Nodirbek g‘alaba bilan yakunlaganini taʼkidladi. Shu bilan birga, Javohir Sindarov haqida 2021 yilda eshitgani, lekin u bilan faqat 2023 yilgi Grand Swiss turnirida to‘qnash kelganini aytdi.
Karuana Sindarovning o‘sha paytda reytingi unchalik yuqori bo‘lmagan bo‘lsa-da, uning kuchli salohiyatga ega ekanini tezda his qilganini bildirdi. Uning fikricha, Javohir debyutlarda biroz noodatiy va xavfli uslubda o‘ynagan, bu esa uning tez orada jiddiy raqibga aylanishidan darak bergan.
Nodirbek Abdusattorov esa allaqachon jahonga tanilgan shaxmatchi ekanini Karuana alohida qayd etdi. Uning olimpiadadagi g‘alabasi kutilmagan yangilik emasligini, balki oldindan shakllangan natija ekanini aytdi.
Lekin Javohir Sindarovning Nomzodlar turnirida +6 natija ko‘rsatishi Karuana fikricha haqiqiy sensatsiya va katta kashfiyot bo‘lgan. U bu natijani butun shaxmat dunyosi uchun yorqin syurpriz deb baholadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!