"Chelsi"dagi inqiroz xavfi Palmer va yetakchilarni ketkazishi mumkin

“Chelsi” muxlislari orasida jamoaning barqaror boʻlmagan oʻyini va natijalardagi tushkunlik sababli kelasi yozda bir qator asosiy futbolchilar klubni tark etishi mumkinligi haqida xavotir kuchaymoqda. Shu bilan birga, Angliyaning yetakchi klublari ham “aristokratlar” tarkibidagi yetakchilarga allaqachon koʻz tikkan.
Maʼlumotlarga koʻra, agar “Chelsi” Evropa Chempionlar ligasiga yoʻllanmani qoʻlga kirita olmasa, jamoani bir necha muhim oʻyinchilar tark etishi ehtimoli yuqori. Ular orasida Enso Fernandes, Moyzes Kaysedo va Mark Kukurelya kabi futbolchilar bor, bu roʻyxat yanada kengayishi mumkin.
Jurnalist Saymon Fillips maʼlum qilishicha, hatto Koul Palmer ham klubdagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda va ketish imkoniyatini inobatga olyapti. Biroq u “Chelsi” uning transfer qiymatini sunʼiy ravishda oshirib yuborishi mumkinligidan xavotirda.
Fillipsning qoʻshimcha qilishicha, “Arsenal” Angliya terma jamoasi aʼzosi Palmerga jiddiy qiziqish bildirgan. Londonliklar uni Kay Xavers oʻrnini toʻldirishi mumkin boʻlgan asosiy variant sifatida koʻrmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, “Arsenal” yozgi transfer oynasida tarkibda katta oʻzgarishlar qilishni rejalashtirmoqda. Martin Edegor, Kay Xavers, Itan Nvaneri va Mikel Merino kelajagi noaniq boʻlib turgan bir paytda, klubga “10-raqam” pozitsiyasida oʻynay oladigan superyulduz zarur.
Aynan shu nuqtada Koul Palmer “Arsenal”ning asosiy transfer nishoniga aylangan. Jamoa uni yarimhujum chizigʻida yetakchi figura sifatida koʻrmoqda va uning kelishi bilan oʻyin uslubini kuchaytirishni maqsad qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!