Gabriel Jesus Braziliya terma jamoasidagi o'rnini yo'qotishdan xavotirda ekanini bildirdi

"Arsenal" hujumchisi Gabriel Jesus 2026-yilgi jahon chempionatida Braziliya terma jamoasi safida ishtirok etish imkoniyatlari haqida o'z fikrlarini bildirdi. 28 yoshli futbolchi London klubida muntazam o'yin amaliyotiga ega bo'lmayotgani uning milliy jamoadagi kelajagiga salbiy ta'sir ko'rsatayotganini tan oldi. Joriy mavsumda u 24 ta uchrashuvda maydonga tushib, bor-yo'g'i 7 marta asosiy tarkibda qayd etildi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Jarohatlar tufayli o'z sport formasini tiklay olmayotgan hujumchi Mikel Arteta boshqaruvidagi jamoaning asosiy tarkibidan chetda qolmoqda. Mavsum davomida 5 ta gol va 2 ta golli uzatmani amalga oshirgan Jesus raqobat kuchli ekanini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, boshqa futbolchilar muntazam o'ynab, gollar urayotgan bir paytda terma jamoaga qaytish ancha murakkab vazifadir.

Braziliya terma jamoasi Karlo Anchelotti qo'l ostida yangi bosqichga chiqayotgan bir paytda, Jesus hujum chizig'idagi raqobat har qachongidan ham kuchli ekanini e'tirof etdi. Shunga qaramay, u o'z qobiliyatiga ishonishini va mavsum yakunini ko'ngildagidek o'tkazsa, murabbiylar e'tiboriga tushishidan umidvorligini bildirdi. Futbolchi terma jamoaning 9-raqamli libosini kiygan shaxs birinchi navbatda gol urishi shartligini tushunib yetganini aytdi.
Tajribali hujumchi 2018 va 2022-yilgi jahon chempionatlaridagi ishtiroki unga qo'shimcha ustunlik berishiga ishonadi. U nafaqat markaziy hujumchi, balki qanotlarda ham o'ynay olishi Braziliya terma jamoasi uchun taktik moslashuvchanlik yaratishi mumkin. Jesus o'z faoliyati davomida ko'p mehnat qilgani va har qanday imkoniyatdan unumli foydalanishga tayyorligini qo'shimcha qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!