Anri PSJ va "Bavariya"ning kechagi oʻyinini haqiqiy shou deb atadi

Yevropa futbolidagi eng yorqin va bahsli uchrashuvlardan biri — UYEFA Chempionlar ligasi yarimfinalidagi PSJ hamda "Bavariya" oʻrtasidagi bellashuv nafaqat muxlislar, balki mutaxassislar eʼtiborini ham tortdi. Gollarga boy kechgan bahs 5:4 hisobida parijliklar foydasiga yakunlandi.
Ushbu uchrashuvga munosabat bildirgan afsonaviy hujumchi — Terri Anri oʻyinni zamonaviy futbol uchun kam uchraydigan, xavf va tavakkallarga boy spektakl sifatida baholadi.
Anrining taʼkidlashicha, soʻnggi vaqtlarda koʻplab jamoalar xavfdan qochib, ehtiyotkor oʻyin namoyish etayotgani tanqid qilib kelingan edi. Biroq bu safar maydonda mutlaqo boshqacha manzara kuzatildi:
— Biz oxirgi paytlarda tavakkal qilmaydigan, driblingga kam boradigan jamoalar haqida gapirgandik. Bu oʻyinda esa xavf juda koʻp edi. Agar siz faqat himoyaviy uslubni yaxshi koʻrsangiz, balki bu oʻyin sizga ogʻir tuyulgan boʻlishi mumkin... Lekin menga baribir! — dedi u CBS efirida.
Fransiyalik mutaxassis, shuningdek, bu oʻyin futbol muxlislariga yana qiziqarli va dinamik futbol qanday boʻlishini eslatganini aytdi. Uning fikricha, soʻnggi yillarda “futbol zerikarli boʻlib qoldi” degan qarashlar aynan shunday oʻyinlar bilan yoʻqqa chiqadi.
— Ha, professional jihatdan tahlil qilinadigan nuqtalar bor. Ammo tomosha sifatida bu oʻyin juda yoqdi. Faqat menga emas, balki uni koʻrgan barchaga qiziq boʻlganiga ishonaman, — deya qoʻshimcha qildi Anri.
Eslatib oʻtamiz, javob uchrashuvi 6 may kuni Myunxenda boʻlib oʻtadi. Ushbu toʻqnashuv gʻolibi finalda "Arsenal" yoki "Atletiko" juftligi gʻolibi bilan kuch sinashadi.
Qisqasi, bu bellashuv futbol muxlislari uchun haqiqiy shou boʻldi. Endi barcha eʼtibor javob oʻyiniga qaratilgan — u yerda intriga yanada avj olishi aniq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!