«Atletiko» bilan o'yin oldidan «Arsenal» maydondagi maysani o'lchashni so'radi

«Arsenal» klubi Chempionlar ligasi yarim finali doirasidagi «Atletiko»ga qarshi o'yin oldidan UEFA rasmiylariga kutilmagan so'rov bilan chiqdi. Londonliklar Madridning «Metropolitano» stadionidagi maydon o'ti balandligidan shubhalanib, uni rasman o'lchashni talab qilishdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Jurnalist Gilyem Balaguening so'zlariga ko'ra, «Arsenal» vakillari o'yinoldi mashg'ulot vaqtida maydon holatidan norozi bo'lishgan. Ular Diyego Simeone raqib o'yinini buzish uchun maxsus usullardan foydalangan deb hisoblab, UEFA inspektorlarini maysani tekshirishga chaqirishgan.
Tekshiruv natijasida maysa balandligi 26 millimetr ekani aniqlandi. Reglamentga ko'ra, maysa balandligi 21 dan 30 millimetrgacha bo'lishi ruxsat etilgan, shuning uchun UEFA hech qanday qoidabuzarlik topmadi.
Avvalroq «Barselona» va «Tottenxem» klublari ham ushbu stadiondagi maysa holati bo'yicha shikoyat qilishgan edi.
Madridda kechgan murosasiz bahs 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Viktor Gyokeres penaltidan hisobni ochgan bo'lsa, mezbonlardan Xulian Alvares javob golini urdi.
Endi jamoalar o'rtasidagi javob uchrashuvi Londondagi «Emireyts» stadionida bo'lib o'tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!