Levandovski "Barselona" futbolchilariga 100 ochko yig'ish vazifasini qo'ydi

Robert Levandovski "Barselona"dagi jamoadoshlarini 100 ochkolik marrani zabt etishga chaqirdi. Hujumchi La Ligada peshqadam bo'lishiga qaramay, faqat chempionlik bilan cheklanib qolmaslikni so'radi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
U Tito Vilanova va Joze Mourinyo o'rnatgan tarixiy natijalarni takrorlashni maqsad qilgan.

"Barselona" shanba kuni "Osasuna" ustidan 2:1 hisobida g'alaba qozonib, chempionlik sari muhim qadam tashladi. Levandovski 81-minutada hisobni ochgan bo'lsa, besh daqiqadan so'ng Ferran Torres ustunlikni oshirdi.
Garchi mehmonlar bitta gol urgan bo'lsa-da, Kataloniya klubi o'z ustunligini saqlab qoldi.
O'yindan so'ng Levandovski jamoa o'z shiddatini pasaytirmasligi kerakligini ta'kidladi. Uning fikricha, chempionlik muddatidan oldin hal bo'lsa ham, qolgan barcha uchrashuvlarda g'alaba qozonish zarur.
Hujumchi chempionlikni nishonlash ajoyib ekanini, ammo ungacha ortiqcha gapirmaslik ma'qulligini aytdi.
Polshalik futbolchi o'zining mavsumdagi 18-golini urishda yordam bergan Markus Rashfordning uzatmasini alohida e'tirof etdi. U jarima maydonchasida to'p qabul qilib olish hujumchi uchun juda muhimligini bildirdi.
Shuningdek, uchrashuvning ikkinchi bo'limida jamoa yaxshiroq o'ynaganini qo'shimcha qildi.
Hozirda 88 ochko bilan La Ligada peshqadamlik qilayotgan "Barselona" 100 ochkolik marraga yetish uchun qolgan to'rtta o'yinda g'alaba qozonishi kerak. Xansi Flik shogirdlari oldinda "Real Madrid", "Deportivo Alaves", "Real Betis" va "Valensiya"ga qarshi maydonga tushadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!