Voytsex Shesni Barselona safida qolishga qaror qildi

Darvozabon Voytsex Shesni Ispaniya chempionatidagi raqib klublardan biridan tushgan jiddiy taklifni rad etdi. Tajribali posbon asosiy tarkibda o‘ynash imkoniyatidan ko‘ra, Barselona jamoasidagi o‘z o‘rni va oilaviy xotirjamlikni ustun qo‘ydi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, 36 yoshli futbolchiga ikki mavsum davomida asosiy darvozabon bo‘lish kafolatlangan shartnoma taklif qilingan. Biroq, polshalik posbon bu taklifni rad etib, Xansi Flik qo‘l ostidagi jamoada qolishni ma’qul ko‘rdi.
Shesni 2024-yil yozida Yuventusdan ketganidan so‘ng faoliyatini yakunlagan edi, ammo Mark-Andre ter Shtegenning jiddiy jarohatidan so‘ng Barselona taklifiga binoan maydonga qaytdi. Hozirda u o‘z faoliyatida moliyaviy manfaatdan ko‘ra, jamoaviy muhit va shaxsiy qadriyatlarni muhimroq deb biladi.
Klub murabbiylar shtabi Shesnining tajribasini yuqori baholaydi. U yosh darvozabonlar, xususan, Joan Garsiya uchun ustoz vazifasini bajarmoqda. Shesnining kiyinish xonasidagi ijobiy ta’siri va yetakchilik qobiliyati uni jamoaning ajralmas qismiga aylantirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!