«Barselona» endi Gonsalu Ramush transferiga jiddiy qiziqmoqda

Kataloniyaning “Barselona” klubi yozgi transferlar oynasi oldidan hujum chizig‘ini kuchaytirish ustida ish olib bormoqda. Ispaniya grandi dastlab “Chelsi” forvardi Joao Pedroni asosiy transfer maqsadi sifatida ko‘rayotgan edi. Biroq londonliklar futbolchini sotish niyati yo‘qligini bildirgach, kataloniyaliklar diqqatini boshqa variantga qaratdi.
TEAMtalk nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, “Barselona” hozirda Fransiyaning “PSJ” klubi hujumchisi Gonsalu Ramushni ehtimoliy transferlar ro‘yxatiga kiritgan.
Manba ta’kidlashicha, Parij klubi 24 yoshli portugaliyalik futbolchini qo‘yib yuborish variantini ko‘rib chiqmoqda. Bunga asosiy sabab sifatida Ramushning zaxirada ko‘p qolib ketayotganidan norozi ekani aytilmoqda.
Futbolchi muntazam asosiy tarkibda o‘ynashni istamoqda va bu uning kelajagi borasida turli muhokamalar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan.
Qizig‘i shundaki, Gonsalu Ramush uchun faqat “Barselona” emas, balki Angliyaning “Chelsi” klubi ham kurash olib borishi mumkin. Shu sababli, yozgi transferlar oynasida bu futbolchi atrofida jiddiy raqobat yuzaga kelishi ehtimoli yuqori baholanmoqda.
Mutaxassislar fikricha, Ramushning o‘yin uslubi “Barselona” falsafasiga ancha mos keladi. U hujumda harakatchanligi, pozitsiya tanlashi va jamoaviy o‘yinga moslashuvchanligi bilan ajralib turadi.
Joriy mavsumda portugaliyalik forvard barcha musobaqalar doirasida 41 ta uchrashuvda qatnashib, 12 ta gol va 2 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi. Garchi u har doim ham asosiy tarkibda tushmagan bo‘lsa-da, samarali harakatlari bilan murabbiylar e’tiborini tortishda davom etmoqda.
Gonsalu Ramushning “PSJ” bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning yozigacha mo‘ljallangan. Shu bois, uning transferi arzonga tushmasligi aytilmoqda.
Taniqli Transfermarkt portali esa futbolchining hozirgi transfer qiymatini 35 million yevro atrofida baholamoqda.
Kataloniya muxlislari hozirdanoq klubning yozgi transfer siyosatini katta qiziqish bilan kuzatmoqda. Chunki “Barselona” keyingi mavsumda Yevropa arenasida yana jiddiy raqobatchiga aylanishni maqsad qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!