Jose Mourinho Real Madridga qaytishi mumkinligini inkor etmadi

Benfika bosh murabbiyi Jose Mourinho Real Madrid prezidenti Florentino Perez bilan klubga qaytish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqidagi xabarlarni keskin rad etdi. Hozirda Madrid klubi Alvaro Arbeloa o‘rniga yangi murabbiy izlayotgani haqida mish-mishlar tarqalgan bo‘lsa-da, portugaliyalik mutaxassis diqqatini to‘liq Benfika ishlariga qaratganini ta’kidladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Arbeloa yanvar oyida Xabi Alonso o‘rnini egallagan bo‘lsa-da, jamoa o‘yinida ijobiy o‘zgarishlar qila olmadi. Real Madrid Chempionlar ligasidan Bavariya tomonidan chiqarib yuborildi va La Ligada Barselona dan 11 ochko ortda qolib, ketma-ket ikkinchi mavsumni sovrinsiz yakunlash arafasida turibdi.
Mourinho matbuot anjumanida Perezga 10 ta talab qo‘ygani haqidagi gap-so‘zlarni asossiz deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha hech qanday muzokaralar bo‘lmagan va u mavsum yakuniga qadar faqat Benfika manfaatlarini o‘ylamoqda.
Shu bilan birga, tajribali murabbiy yozgi transfer oynasida eshiklarni butunlay yopib qo‘ymadi. U futbol olamida klublar o‘zlari qiziqqan mutaxassislar bilan bog‘lanishini ta’kidlab, chempionat tugaganidan keyin bir haftalik muddatda istalgan taklifni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Hozirda Real Madrid barcha e’tiborini Barselona ga qarshi bo‘lajak El-Klasiko bahsiga qaratgan. Agar Madrid klubi ushbu uchrashuvda mag‘lub bo‘lsa, raqiblari muddatidan avval chempionlikni rasmiylashtiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!