Brendan Rodgers va Cristiano Ronaldo oʻrtasidagi iliq munosabatlar tarixi

Al-Qadsiah bosh murabbiyi Brendan Rodgers Saudiya Arabistoni chempionati doirasidagi oʻyindan soʻng Cristiano Ronaldo bilan boʻlgan samimiy uchrashuvi tafsilotlarini oshkor qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan suratlar muxlislarda katta qiziqish uygʻotgan edi, biroq mutaxassis bu munosabatlar oʻn yillar oldin Angliyada boshlanganini taʼkidladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Rodgersning soʻzlariga koʻra, ularning bogʻliqligi hali oʻzi Chelsi klubida yosh murabbiy boʻlib ishlagan davrlarga borib taqaladi. Oʻsha vaqtda uning onasi Manchester Yunayted yulduzi boʻlgan Ronaldoning muxlisi edi. Brendan onasining iltimosiga koʻra, portugaliyalik futbolchidan u bilan uchrashishni soʻragan va Ronaldo bunga rozi boʻlgan.
"Onam 2010-yilda vafot etgan, ammo Ronaldoning oʻsha kuni onamga koʻrsatgan eʼtibori, u bilan suratga tushib, iliq soʻzlar aytgani men uchun hamisha qadrli boʻlib qolgan. Bu voqea biz oʻrtamizdagi hurmat rishtalarini mustahkamlagan", — deya eslaydi murabbiy.
Shuningdek, Brendan Rodgers Ronaldoning Saudiya Arabistoni futboli rivojiga qoʻshayotgan hissasini alohida eʼtirof etdi. Uning fikricha, aynan Cristiano Ronaldo tufayli bugun dunyoning koʻplab yulduz futbolchilari aynan shu mintaqaga kelib, oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!