Eduardo Conceicao: Palmeirasning yangi yulduzi Yevropa gigantlari nishonida

Palmeiras akademiyasi o‘zining iqtidorli yoshlari bilan mashhur bo‘lib, Endrick, Estevao, Luis Guilherme, Vitor Reis va Luighi kabi futbolchilar klub uchun katta daromad keltirishi kutilayotgan «Milliard avlodi» tarkibiga kiradi. Endi esa bu ro‘yxatga yana bir nom qo‘shilmoqda: 16 yoshli Eduardo Conceicao. Hali asosiy jamoada debyut qilmagan bo‘lsa-da, bu hujumchi allaqachon Yevropaning top-klublari e’tiboriga tushib ulgurdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Eduardo Conceicao uchun kurashda Barselona, PSJ, Real Madrid, Manchester Yunayted, Manchester Siti, Arsenal va Chelsi kabi jamoalar yetakchilik qilmoqda. Braziliya U-17 terma jamoasi a’zosi bo‘lgan futbolchining salohiyati skautlarni hayratda qoldirmoqda. Mutaxassislar uning tezligi va maydonni ko‘ra olish qobiliyatini yuqori baholashmoqda.
San-Pauluda tug‘ilgan Eduardo futbolga otasining ta’siri bilan kirib kelgan. To‘qqiz yoshidan buyon Palmeiras tizimida tarbiyalanayotgan iqtidor egasi yosh toifalarida doimo o‘zidan kattalar bilan o‘ynab, tengdoshlaridan yaqqol ajralib turdi. U yanvar oyida o‘tkazilgan nufuzli Copa Sao Paulo de Futbol Junior turnirida o‘zini yorqin ko‘rsatib, muxlislar va mutaxassislarni lol qoldirdi.
Eduardo turnir doirasidagi o‘yinlarning birida to‘rtta gol urib, uchta golli uzatmani amalga oshirdi. Ushbu muvaffaqiyatdan so‘ng, Palmeiras rahbariyati u bilan ilk professional shartnomasini imzoladi. Klub futbolchini saqlab qolish maqsadida shartnomaga 100 million yevrolik tovon puli bandini kiritdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!