Gabriel Jesus Arsenalni tark etib, sobiq klubiga qaytishni orzu qilmoqda

Arsenal hujumchisi Gabriel Jesus oʻzining kelajagi borasida kutilmagan bayonot berdi. Braziliyalik futbolchi bolaligidagi jamoasi — Palmeiras klubiga qaytish haqida har kuni oʻylayotganini tan oldi. Garchi u hozirda Angliya Premer-ligasi doirasida yuqori darajadagi oʻyinlarda ishtirok etayotgan boʻlsa-da, uning qalbi hamon oʻz vatanidagi qadrdon jamoasi bilan bogʻliq. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Gabriel Jesus 2022-yilda Manchester Siti safidan Arsenal tarkibiga kelib qoʻshilgan edi. Hujumchi ESPN nashriga bergan intervyusida sobiq jamoasining har bir oʻyinini kuzatib borishini va faoliyati yakunlanishidan oldin yana bir bor Palmeiras libosini kiyishni niyat qilganini maʼlum qildi. "Men bu haqda har kuni oʻylayman. Kechagi oʻyinni ham tomosha qildim. Bir kun kelib qaytishimni aniq bilaman, faqat qachonligini hozircha ayta olmayman", — dedi futbolchi.
Braziliyalik yulduz uchun Palmeiras shunchaki professional klub emas, balki kuchli shaxsiy rishtalar bilan bogʻlangan maskandir. U 2017-yilda Angliyaga yoʻl olganidan beri ushbu jamoaga boʻlgan muhabbatini yashirmaydi. Jesusning taʼkidlashicha, agar u Braziliya chempionatiga qaytadigan boʻlsa, uning tanlovi faqat va faqat Palmeiras boʻladi.
Gabriel Jesus Palmeiras akademiyasining eng yorqin tarbiyalanuvchilaridan biri hisoblanadi. U 2015-yilda asosiy jamoada debyut qilib, Braziliya kubogini qoʻlga kiritgan, 2016-yilda esa klubning 22 yillik tanaffusdan keyingi chempionligiga ulkan hissa qoʻshgan edi. Shundan soʻng u Manchester Siti safida toʻrtta, Arsenal bilan esa bitta chempionlikni qoʻlga kiritib, Angliya Premer-ligasi tarixidagi eng sovrindor braziliyaliklardan biriga aylandi.
Hozirda 27 yoshli hujumchining Arsenal bilan shartnomasi yakunlanishiga oz vaqt qolmoqda. Joriy mavsumda u 26 ta oʻyinda maydonga tushib, 5 ta gol urishga muvaffaq boʻldi. Garchi uning samaradorligi biroz pasaygan boʻlsa-da, tajribasi va mahorati hamon yuqori baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!