Maks Eberl Uli Xyonessning shubhalariga javob qaytardi

Bavariya sport direktori Maks Eberl klub faxriy prezidenti Uli Xyonessning uning kelajagi borasidagi shubhalariga munosabat bildirdi. Germaniya kubogi finalida Bavariya jamoasining VfB Shtutgart ustidan qozonilgan 3:0 hisobidagi gʻalabasidan soʻng, Eberl Sky nashriga bergan intervyusida Xyonessning gaplari uni hayron qoldirganini yashirmadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Avvalroq Xyoness Der Spiegel nashriga bergan intervyusida Eberlning 2027-yilda yakunlanadigan shartnomasi uzaytirilishi imkoniyatlarini 60-40 nisbatda baholagan edi. "Men oʻz ishimni bajarishni va natijalar orqali oʻzimni isbotlashni xohlayman. Bu mavsumda jamoa sifatida erishgan yutuqlarimiz bilan faxrlanishimiz mumkin. Odamlarda shubha boʻlishi tabiiy, bu ularning huquqi", — deya taʼkidladi Eberl.
Eberl 2024-yilning mart oyida Bavariya safiga kelib qoʻshilgan va qisqa vaqt ichida Vincent Kompany bosh murabbiy etib tayinlanishida muhim rol oʻynagan edi. Kompany qoʻl ostida Myunxen klubi joriy mavsumda ham Bundesligada, ham Germaniya kubogida gʻolib chiqib, "oltin dubl"ni qayd etdi. Chempionlar ligasi yarim finalida esa Pari Sen-Jermen jamoasiga qarshi kechgan dramatik bahslardan soʻng turnirni tark etdi.
Uli Xyoness oʻzining 60:40 koʻrinishidagi prognozi borasida toʻxtalar ekan, bu uning shaxsiy va xolis fikri ekanligini bildirdi. "Meni taniydiganlar biladiki, men doim rostini gapiraman. Vaziyat shunday, ikki-uch oydan keyin hammasi oydinlashadi. Shaxsan men uning kelajagiga ijobiy qarayman", — dedi 74 yoshli mutaxassis.
May oyi oxirida Bavariya kuzatuv kengashi, jumladan Karl-Heinz Rummenigge ishtirokida yigʻilish oʻtkaziladi. Unda Maks Eberl va sport direktori Christoph Freundning shartnomalarini uzaytirish masalasi muhokama qilinishi kutilmoqda. Hozircha har ikki rahbarning amaldagi kelishuvi 2027-yilgacha moʻljallangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!