Lionel Messi'dan ham iqtidorliroq? Ronaldinho va Milan'ning yulduzli tarkibi

Filipp Senderos GOAL nashriga bergan intervyusida braziliyalik afsona Ronaldinho bilan birga ishlash qanday boʻlgani haqida soʻzlab berdi. Shveysariyalik sobiq himoyachi Ronaldinhoni haqiqiy "sanʼatkor" deb atadi va uning tabiiy iqtidori futboldagi eng kuchli oʻyinchilar bilan raqobatlasha olishini taʼkidladi. Ronaldinho oʻzining yorqin faoliyati davomida David Beckham va boshqa yulduzlar bilan Milan safida toʻp surgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
"Oltin toʻp" sohibi va FIFA tomonidan ikki bor yilning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Ronaldinho 2008-yilda Barselona'dagi besh yillik unutilmas faoliyatidan soʻng San Siroga koʻchib oʻtgan edi. Kataloniya klubida Lionel Messi'ning asosiy tarkibga kirib kelishiga guvoh boʻlgan braziliyalik sehrgar, Italiyada oʻzining pleymeykerlik mahoratini qaytadan namoyish etdi. U A Seriya chempionligini oʻzining La Liga, Chempionlar ligasi va Jahon chempionati gʻolibliklari qatoriga qoʻshib qoʻydi.
Ronaldinho'ning ajoyib faoliyati va hayoti hozirda Netflix hujjatli serialining asosiy mavzusiga aylangan. Ushbu loyiha uning futbol choʻqqisiga qanday chiqqani va har doim maydonda tabassum bilan harakat qilganini hikoya qiladi. Arsenal'ning sobiq himoyachisi Senderos Ronaldinho bilan bir kiyim almashtirish xonasida boʻlganini va uning xarakterini yaqindan oʻrganganini baxt deb hisoblaydi.
Ronaldinho va Lionel Messi oʻrtasidagi texnik mahoratni solishtirish haqidagi savolga Senderos shunday javob berdi: "Uni Messi yoki boshqa birov bilan solishtirish qiyin. Lekin u faoliyatim davomida koʻrgan eng iqtidorli futbolchilardan biri, balki birinchisidir. Uning mashgʻulotlarda har kuni koʻrsatadigan fintlari aql bovar qilmas edi. Uni tomosha qilish katta zavq bagʻishlardi".
Milan tarkibida Ronaldinho bilan birga Andrea Pirlo, David Beckham, Paolo Maldini, Kaka, Alessandro Nesta, Andriy Shevchenko va Filippo Inzaghi kabi afsonalar toʻp surgan. Senderos oʻsha davrdagi mashgʻulotlar jarayoni haqida gapirar ekan, Pirlo toʻpni oʻzi xohlagan nuqtaga yetkazib bera olishini, Ronaldinho esa maydonda haqiqiy sanʼat asari yaratishini qoʻshimcha qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!