Bavariya 80 million yevrolik hujumchi uchun kurashga qoʻshildi

Myunxenning Bavariya klubi Entoni Gordon transferi amalga oshmagach, eʼtiborini Angliya Premer-ligasining yosh yulduziga qaratdi. Maʼlumotlarga koʻra, nemis grandi AFC Bornmut hujumchisi Junior Kroupi nomzodini koʻrib chiqmoqda. 19 yoshli iqtidor egasi oʻzining texnik mahorati va sovuqqonligi bilan koʻplab grandlar nazariga tushgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Junior Kroupi transferi Bavariya uchun arzon tushmaydi. Bornmut oʻzining iqtidorli futbolchisini kamida 80 million yevroga baholamoqda. Futbolchining amaldagi shartnomasi 2030-yilga qadar davom etadi. Shuningdek, ushbu transfer poygasida Barselona, Manchester Siti va Arsenal kabi jamoalar ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Fransiyalik afsonaviy hujumchi Thierry Henry Junior Kroupi haqida yuqori fikr bildirgan. "Uning rivojlanishidan hayratda emasman. Men uni 16 yoshidayoq yoshlar terma jamoasiga chaqirmoqchi edim. Undagi tugʻma iqtidor va qatʼiyatni koʻrganimda, yoshining ahamiyati qolmaydi", — deya taʼkidladi Henry.
Kroupi oʻz faoliyatini Fransiyaning Loryan klubida boshlagan va 16 yoshida Liga 1da debyut qilgan. Bornmut safiga oʻtgach, u Angliya Premer-ligasida ham oʻzini koʻrsata oldi va oʻtgan mavsumda 33 oʻyinda 13 ta gol urishga muvaffaq boʻldi. U maydonda ham markaziy hujumchi, ham qanotlarda harakat qila oladigan universal futbolchi hisoblanadi.
Bavariya rahbariyati Kroupini Luis Diazga raqobatdosh va Harry Kane uchun munosib oʻrinbosar sifatida koʻrmoqda. Avvalroq myunxenliklar Entoni Gordonni sotib olmoqchi edi, biroq Nyukasl Yunayted hujumchisi Barselona safiga oʻtishga yaqin turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!