Arsenal va Milan sobiq yulduzi qanday qilib milliarder tadbirkorga aylandi

Arsenal va Milan klublarining sobiq yarim himoyachisi Mathieu Flamini yashil biokimyo sohasidagi muvaffaqiyatli faoliyati haqida soʻzlab berdi. 42 yoshli fransiyalik sobiq futbolchi oʻzining ekologik toza global kompaniyasiga Italiyada toʻp surgan yillarida asos solganini va bunga klub prezidenti Silvio Berlusconi sababchi boʻlganini maʻlum qildi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
La Gazzetta dello Sport nashriga bergan intervyusida Flamini GFBiochemicals kompaniyasini qanday tashkil etganini tushuntirdi. 2008-yilda 24 yoshida Milanello qarorgohiga kelgan futbolchi u yerdagi tadbirkorlik muhitidan ilhomlangan. Uning soʻzlariga koʻra, Berlusconi har hafta mashgʻulotlar bazasida boʻlib, futbolchilarning faqat sport bilan cheklanib qolmasligini xohlagan.
"Silvio Berlusconi men uchun butunlay yangi dunyoni ochib berdi. U futbol, biznes va siyosat kabi barcha sohalarda gʻalaba qozongan tadbirkor edi. U biz bilan safar oʻyinlariga ham birga borardi va futbolchilarning boshqa qiziqishlari boʻlishini qoʻllab-quvvatlardi. U men uchun haqiqiy ilhom manbai boʻldi", — deydi Flamini.
Arsenal safida ikki marta toʻp surgan Flamini oʻzining ilmiy yutuqlari bilan faxrlanishini yashirmadi. Uning taʻkidlashicha, Milan safida oʻynab yurganida kimyo sohasini kashf qilgan va hozirda uning patentlari tufayli dunyo ekologik jihatdan tozaroq boʻlib bormoqda. Mashgʻulotlardan boʻsh vaqtida u sogʻliq va atrof-muhit uchun barqaror kimyoviy yechimlar ustida ishlagan.
Sobiq futbolchi professional sportdagi intizom, jamoaviy ish va maqsad sari intilish kabi xislatlar biznesda ham juda muhimligini taʻkidladi. Hozirda uning kompaniyasi oʻsimlik biomassasidan olinadigan molekulalar boʻyicha 200 dan ortiq patentga ega boʻlib, AQSH hukumati tomonidan ilgari surilgan yashil muqobil kimyoviy yechimlarni hayotga tatbiq etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!