Arsenal himoyasi PSJga qarshi oʻyinda eng zaif nuqtasidan pand berdi

Budapeshtda oʻtgan hayajonli final bahsida Pari Sen-Jermen penaltilar seriyasida Arsenal ustidan gʻalaba qozonib, Chempionlar ligasi gʻolibligini oʻzida saqlab qoldi. Oʻyinning 6-daqiqasida Kai Havertz londonliklarni hisobda oldinga olib chiqqan boʻlsa, 65-daqiqada Ousmane Dembele penaltidan muvozanatni tikladi. Qoʻshimcha boʻlimlarda hisob oʻzgarmadi va penaltilar seriyasida parijliklar 4:3 hisobida zafar quchishdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Arsenal uchun oʻyin juda yaxshi boshlangan edi. Erta urilgan goldan soʻng, Mikel Arteta shogirdlari oʻzlarining eng kuchli jihati — himoyaga tayanishdi. PSJ toʻpni raqib jarima maydonchasi atrofida aylantirgan boʻlsa-da, mehmonlarning ixcham 4-4-2 sxemasidagi mudofaasini yorib oʻta olmadi. 65 daqiqa davomida Yevropaning eng yaxshi himoyasi Desire Doue, Ousmane Dembele va Khvicha Kvaratskhelia kabi hujumchilarni zararsizlantirib turdi.
Biroq, yakunda Arsenal devori kutilgan joyda — oʻng qanot himoyasida darz ketdi. Jurrien Timber va Ben White jarohat sababli safdan chiqqani bois, Arteta bu pozitsiyaga asli markaziy himoyachi boʻlgan Cristhian Mosquerani qoʻyishga majbur boʻldi. 21 yoshli ispaniyalik futbolchi Khvicha Kvaratskheliaga qarshi oʻyinda qiyinchilikka duch keldi. 65-daqiqada gruziyalik vinger Mosqueradan oʻtib ketdi va jarima maydonchasi ichida yiqitildi. Ousmane Dembele esa nuqtadan adashmadi.
Penaltilar seriyasida Eberechi Eze va Gabriel oʻz imkoniyatlaridan foydalana olishmadi. PSJ safida esa faqat charchab qolgan Nuno Mendes xatoga yoʻl qoʻydi. Shu tariqa, Parij klubi ketma-ket ikkinchi bor qitʼaning eng nufuzli kubogini boshi uzra baland koʻtardi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!