Real Madrid Joze Mourinyo uchun endi koʻproq pul toʻlashi kerak

Real Madrid va Joze Mourinyo oʻrtasidagi muzokaralar yakuniga yetgan boʻlsa-da, Ispaniya grandi portugaliyalik mutaxassis uchun kutilganidan koʻproq mablagʻ sarflashiga toʻgʻri keladi. Gap shundaki, murabbiyning Benfica bilan shartnomasidagi maxsus tovon puli muddati tugadi. Avvalroq Madrid klubi murabbiyni 6 million yevro evaziga qoʻlga kiritishi mumkin edi, biroq endilikda bu summa 15 million yevrogacha koʻtarilishi kutilmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
The Athletic nashrining xabar berishicha, ushbu kechikishga klubdagi prezidentlik saylovlari bilan bogʻliq maʼmuriy jarayonlar sabab boʻlgan. Joze Mourinyo shartnomasidagi bandga koʻra, Portugaliya chempionati yakunlanganidan keyin 10 ish kuni davomida uni arzonroq narxda sotib olish imkoniyati mavjud edi. Bu muddat 29-may kuni oʻz nihoyasiga yetdi.
Florentino Perez Mourinyo nomzodini qoʻllab-quvvatlayotgan boʻlsa-da, tadbirkor Enrique Riquelme prezidentlik poygasiga qoʻshilishi rasmiy qarorlar qabul qilinishini sekinlashtirdi. Perez matbuot anjumanida oʻziga qarshi yashirin kampaniya olib borilayotganini taʼkidladi. Shunga qaramay, Real Madrid va Joze Mourinyo oʻrtasida uch yillik shartnoma boʻyicha toʻliq kelishuvga erishilgan.
Klubda yangi mavsumga tayyorgarlik davom etmoqda. Xususan, Antonio Rüdiger shartnomasini uzaytirdi, shuningdek, Mourinyo shtabi va yozgi transfer maqsadlari ustida ish olib borilmoqda. Ikki mavsumdan buyon yirik sovrinlarsiz qolayotgan Real Madrid portugaliyalik murabbiy bilan yana gʻalabalar yoʻliga qaytishni koʻzlagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!