Tottenxemda yangi davr: Daniel Levy klubning 25 foiz ulushini sotdi

Tottenxemda yangi davr: Daniel Levy klubning 25 foiz ulushini sotdi

Londonning Tottenxem klubi egalik tuzilmasida jiddiy oʻzgarishlar yuz bermoqda. Eight Sports Capital firmasi klubning bosh kompaniyasi hisoblangan Enic’ning 24,99 foiz ulushini sotib olish boʻyicha kelishuvga erishdi. Mazkur aksiyalar Daniel Levy oilaviy trastlari tomonidan sotilmoqda, biroq bu kelishuv Lyuislar oilasining klub ustidan nazoratiga taʼsir qilmaydi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.

Telegraph nashrining xabar berishicha, Eight Sports Capital Limited juma kuni Enic Sports and Developments Holdings Limited kompaniyasining chorak qismini sotib olish boʻyicha shartnoma imzolagan. Ushbu ulush bevosita Daniel Levy farzandlari manfaatlari uchun tashkil etilgan trastlarga tegishli kompaniyalar orqali sotilmoqda. Tranzaksiya yakunlangach, Levyning Enic’dagi ulushi 4,89 foizgacha kamayadi.

Eight Sports Capital oʻz bayonotida Tottenxem rivoji va muvaffaqiyati uchun klub aksiyadorlari, rahbariyati va muxlislari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Biroq, ushbu eʼlon Enic va Tottenxem rahbariyati uchun kutilmagan yangilik boʻldi. Klub vakillari hozircha Daniel Levy oilaviy trasti tomonidan amalga oshirilgan bunday savdodan xabarsiz ekanliklarini maʼlum qilishdi.

Shuni taʼkidlash joizki, ushbu bitim Tottenxem boshqaruvini oʻzgartirmaydi. Lyuislar oilasi hamon nazorat paketi egasi boʻlib qoladi. Sotilayotgan minoritar ulush direktorlar kengashida ovoz berish yoki ijroiya qoʻmitasida vakillik qilish huquqini bermaydi. Klub rahbariyati esa mavsum yakunida muxlislarga berilgan vaʼdalarni bajarishga eʼtibor qaratishini taʼkidlamoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar