Roberto Carlos: Lionel Messi 2030-yilgi Jahon chempionatida ham oʻynashi mumkin

Real Madrid afsonasi Roberto Carlos Lionel Messi 2026-yilgi turnirdan keyin ham yana bir Jahon chempionatida bemalol ishtirok eta olishiga ishonadi. Argentinaning "Ole" nashriga bergan intervyusida mashhur chap qanot himoyachisi Inter Miami yulduzining xalqaro kelajagi haqida qiziqarli bashorat qildi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Sakkiz karra "Oltin toʻp" sohibi Qatarda oʻtgan 2022-yilgi mundialda oʻz terma jamoasini gʻalaba sari yetaklagan edi. Hozirda Argentina safida 199 oʻyinda 117 ta gol urgan pleymeyker ajoyib sport formasini saqlab qolmoqda. Roberto Carlos sardorning professionalizmi va jismoniy holatiga eʼtibor qaratib, uning 2030-yilgi turnirda ham maydonga tushishi haqiqatga yaqinligini taʼkidladi.
"Messining oʻyinini tomosha qilish — haqiqiy zavq. U Janubiy Amerika futbolini ifodalovchi yuksak sifatli oʻyinchi. U oʻziga shunchalik yaxshi qaraydiki, bemalol yana bir Jahon chempionatida qatnashishi mumkin. Bu uning oxirgisi boʻlmasligi ham ehtimoldan xoli emas", — dedi braziliyalik sobiq himoyachi.
Shuningdek, Carlos oʻz vatani Braziliya terma jamoasining tayyorgarligi va Neymar haqida ham toʻxtalib oʻtdi. Jarohatlar tufayli uzoq vaqt maydondan tashqarida qolganiga qaramay, Neymar terma jamoa uchun muhim figura boʻlib qolmoqda. Carlosning fikricha, Neymar hatto zaxirada boʻlsa ham jamoa ruhiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
"Neymarning 100 foiz tiklanishini kutishimiz kerak. U maydonda boʻladimi yoki yoʻq, jamoaga juda kerak. Agar u maydonga tushsa, bu har doim katta tomoshaga aylanadi", — deya qoʻshimcha qildi Roberto Carlos.






























Izohlar 0
…