Santyago Ximenesning Milan dagi inqirozi: Borgetti muammolar sababini aytdi

Santyago Ximenes 2025-26-yilgi mavsumda Milan safida A Seriyada birorta ham gol ura olmadi. Meksikalik afsonaviy hujumchi Jared Borgetti GOAL nashriga bergan intervyusida hamyurtining muvaffaqiyatsizliklari sabablarini tushuntirib berdi. Klub miqyosidagi qiyinchiliklarga va transfer mish-mishlariga qaramay, 25 yoshli forvard oʻz uyida oʻtadigan Jahon chempionatida porlashni maqsad qilgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Ximenes 2025-yilning fevralida Feyenoord safidagi sermahsul oʻyinlaridan soʻng San Siroga koʻchib oʻtgan edi. Niderlandiyada u 105 oʻyinda 65 ta gol urib, har bir toʻliq mavsumda 20 tadan koʻp toʻp kiritishga muvaffaq boʻlgan. Yevropaning koʻplab yetakchi klublari, jumladan Angliya Premer-ligasi jamoalari unga qiziqish bildirgan boʻlsa-da, u bolaligidan muxlislik qilgan Milan klubini tanlagan edi.
Italiyaga kelganidan soʻng dastlabki oltita golini urgan boʻlsa-da, Ximenes yangi muhitga toʻliq moslasha olmadi. Mutaxassislar buni moslashuv jarayoni bilan bogʻlashgan edi, biroq jarohatlar vaziyatni yanada ogʻirlashtirdi. Kuchli hujumchi Italiyadagi birinchi toʻliq mavsumining besh oyini jarohat tufayli oʻtkazib yubordi. Natijada, u yakunlangan mavsumda faqatgina Italiya kubogida bitta gol urish bilan cheklandi.
Hozirda Milan jamoasida katta oʻzgarishlar yuz bermoqda: bosh murabbiy Massimiliano Allegri ketmoqda va bir qator yetakchi futbolchilarning kelajagi soʻroq ostida turibdi. Jared Borgetti Ximenesning holati haqida shunday deydi: “Afsuski, Italiyadagi yil Santyago uchun omadli kelmadi, lekin bu faqat uning aybi emas. Jarohat unga barqarorlikka erishish va asosiy tarkib uchun kurashishda xalaqit berdi”.
Borgettining fikricha, jamoaning umumiy oʻyini ham hujumchiga yordam bermagan. “Milan bu mavsumda yaxshi oʻyin koʻrsata olmadi, jamoa yomon oʻynaganda esa biror futbolchining ajralib turishi qiyin. Ximenes — jamoaviy oʻyinga bogʻliq hujumchi. Uning pasayishi ham oʻziga, ham jamoaning umumiy holatiga bogʻliq”, — deya qoʻshimcha qildi afsonaviy futbolchi.






























Izohlar 0
…