Bugun futbol bo‘yicha Jahon chempionati start oladi

Bugun, 11 iyun kuni futbol bo‘yicha Jahon chempionati start oladi. Turnirning ochilish uchrashuvi Mexiko shahridagi mashhur “Atsteka” stadionida bo‘lib o‘tadi. Bahs Toshkent vaqti bilan 23:50 da boshlanadi.
Ochiluv o‘yinida mezbon Meksika terma jamoasi Janubiy Afrika terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Shu bilan “Atsteka” stadioni tarixda uchinchi marta Jahon chempionati ochilish uchrashuviga mezbonlik qiladi.
Marosimda Shakira va Burna Boy 2026 yilgi mundialning rasmiy qo‘shig‘i “Dai Dai”ni ijro etadi. Shouda J. Balvin va Tula ham ishtirok etadi.
2026 yilgi mundial tarixdagi eng yirik Jahon chempionati bo‘ladi: 48 ta jamoa qatnashadi, 104 ta uchrashuv o‘tkaziladi. Final 19 iyul kuni Nyu-Jersidagi “MetLayf” stadionida bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston terma jamoasi ham ilk bor mundialda ishtirok etadi. Ular “K” guruhida Kolumbiya, Portugaliya va Kongo DR bilan o‘ynaydi. Ilk uchrashuv 18 iyun kuni Mexikoda Toshkent vaqti bilan 07:00 da start oladi.





























Izohlar 0
…