Barselona Lamine Yamal borasida Ispaniya terma jamoasiga qarshilik qila olmaydi

Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente JCh-2026 guruh bosqichining ilk turidan oʻrin olgan Kape-Verdega qarshi oʻyin oldidan Lamine Yamalning holati haqida maʻlumot berdi. Barselona yulduzi yaqinda tizzasidagi jarohatidan forigʻ boʻlgan boʻlsa-da, terma jamoa uni turnirning ochilish uchrashuvida maydonga tushirishga tayyor. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Klub miqyosida bir necha haftani oʻtkazib yuborgan 18 yoshli vingerning jismoniy holati Barselona rahbariyatini xavotirga solmoqda. Biroq Luis de la Fuente yosh iqtidor egasining sogʻligʻi borasidagi xavotirlarni rad etdi. Murabbiyning taʻkidlashicha, Yamal hozircha 90 daqiqa oʻynashga tayyor boʻlmasa-da, uchrashuvning maʻlum bir qismida jamoasiga yordam bera oladi.
"U dushanba kungi bahsda ishtirok etishga tayyor. Biz vaziyatni baholaymiz. Futbol — bu xavfli faoliyat, jarohatni 3 daqiqada ham, 90 daqiqada ham olish mumkin. Biz futbolchilar sogʻligʻini oʻylaymiz, lekin Jahon chempionatida birinchi oʻyin hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ham unutmasligimiz kerak", — dedi Ispaniya ustozi Chattanoogadagi matbuot anjumanida.
Odatda klublar xalqaro tanaffuslar vaqtida oʻz yulduzlarining maydondagi daqiqalarini nazorat qilishga urinishadi, biroq Jahon chempionati vaqtida qoidalar boshqacha ishlaydi. Barselona va Ispaniya qirollik futbol federatsiyasi (RFEF) oʻzaro muloqotda boʻlib turganiga qaramay, yakuniy qarorni faqat terma jamoa murabbiylar shtabi qabul qiladi.
Shu tariqa, Hansi Flick va Barselona rahbariyati Lamine Yamalning maydonga tushishiga toʻsqinlik qilish borasida ojiz qolmoqda. Luis de la Fuente oʻz qarori qatʻiy ekanini va dushanba kungi bahs uchun tarkibni tanlashda mutlaq vakolatga ega ekanini yana bir bor tasdiqladi.






























Izohlar 0
…