23:19 / 03.05.2017
5 042

Legionerlarimizda nima gaplar?

Legionerlarimizda nima gaplar?
«Shabab» yutishni ham biladi. BAA chempionati 24-tur o‘yinlari ort­da qoldi. O‘zbekiston milliy jamoasi yarim himoyachisi Aziz Haydarovning klubi - «Al-Shabab» bu safar o‘z maydonida «Al-Dofar»ga qarshi bahs olib bordi va 15-daqiqada Saad Hamis tomonidan urilgan yagona gol evaziga qozondi. Hamyurtimiz mazkur o‘yinda odatdagidek, to‘liq vaqt harakatlandi. Aytish joiz, «Al-Shabab» yanvar oyidan buyon g‘alaba nimaligini bilmayotgandi. Dubayliklar bu orada 8ta uchrashuvda biror raqibni enga olishmadi. Xullas, oxirgi natijadan so‘ng jamoaning ochkolari soni 29taga etdi. «Shabab» ayni payt 14ta ishtirokchi orasida 8-o‘rinda bormoqda.

Penaltilar seriyasida omadsizlik. Qatarda Amir kubogi turniri chorak final o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Xususan, «Xor»ni qabul qilgan «Al-Sayliya» klubi uchrashuvning 35-daqiqasida Temurxo‘ja Abduxoliqovning aniq zarbasi evaziga hisobda oldinga chiqib oldi. Biroq mehmonlar ikkinchi bo‘lim boshida atigi 3 daqiqa ichida 2ta gol urib, vaziyatni o‘z tomonlariga og‘dirishdi. Faqat asosiy vaqt tugashiga 4 daqiqa qolganida, yana Abduxoliqov «Sayliya» joniga oro bo‘ldi. Ya’ni hamyurtimiz «dubl» qayd qilish asnosida kurashni davom ettirish imkoniyatini taqdim etdi. Yakunda yarim final yo‘llanmasi taqdiriga penaltilar seriyasi aniqlik kiritdi. Ammo mezbon jamoaning 2 nafar futbolchisi 11 metrli jarima zarbasini golga aylantirolmadi. Afsuski, ulardan biri - Sanjar Shoahmedov.

Finalda ham gol, ammo... O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Sardor Rashidovning Qatar kubogi sohibiga aylanish orzusi amalga oshmadi. Uning jamoa­si - «Al-Jaish» hal qiluvchi o‘yinda tarkibida afsonaviy Xavi to‘p surayotgan «Al-Sadd»ga qarshi maydonga tushdi. 21-daqiqasida Bag‘dod Budenja hisobni ochgan bo‘lsa, birinchi bo‘limning yakuniy qismida aynan Sardor o‘rtadagi muvozanatni tikladi. Biroq yakunda duxayl­liklar maydonni mag‘lub holda tark etishdi, baribir. Xullas, 73-daqiqada Jugurta Hamrun tomonidan urilgan gol o‘yin taqdirini hal qildi va «Al-Sadd» Qatar kubogi sohibiga aylandi.

Salomov bor, Geynrix yo‘q. «Ordabasi» Qozog‘iston premer-ligasi10-turi doirasida «Shaxtyor» mehmoni bo‘lib, 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Biroq jamoa safidagi Aleksandr Geynrix asosiy tarkibga kiritilmadi. «Ordabasi» hozirda 16 ochkoga ega va turnir jadvalining 5-qatorini band etib turibdi. Qozog‘istondagi yana bir vakilimiz - Shavkat Salomov esa «Atirau»ning «Taraz» maydonidagi o‘yini (2:1)da 80 daqiqa to‘p surdi.

«Chanchun Yatay» yana ortga. Xitoy chempionati 7-turi avvalgi o‘yinda nihoyat, g‘alaba nashidasini surgan «Chanchun Yatai» uchun yana omadsiz keldi: terma jamoamiz himoyachisi Anzur Ismoilov klubi «Yanbyan Fude» maydonidan mag‘lubiyat bilan qaytdi - 0:1. Umuman, hamyurtimiz bu o‘yinda to‘liq 90 daqiqa harakatlandi. Mag‘lubiyatdan so‘ng «Chanchun Yatai» turnir jadvalida yana pastga tushdi - 14-o‘rin (4 ochko). Egor Krimes hamon «Pekin Guoan» tarkibidan chetda. Poytaxtliklar so‘nggi tur o‘yi­nini «Lyaoning»ga 2:4 ko‘rinishida boy berishdi. Ehtimol, klub murabbiylari endi terma jamoamiz himoyachisiga ham imkon berishar... Odil Ahmedov esa «Shanxay SIPG»ning «Chonkong Lifan» maydonidagi o‘yinida to‘liq 90 daqiqa to‘p surdi. Biroq shanxayliklar so‘nggi lahzalarda gol qo‘yib yuborib, tayyor g‘alabadan mosuvo bo‘lishdi - 1:1.

Ketma-ket yengilish. Hafta o‘rtasida SSKAga aytarli qarshilik ko‘rsatolmay, 0:4 hisobida yengilgan «Lokomotiv» Rossiya premer-ligasi 26-turida ham omadsizlikka yo‘liqdi. «Temiryo‘lchilar» bu gal o‘z maydonlarida «Rubin»ga bas kelolmadilar - 0:1. Klub safidagi hamyurtimiz Vitaliy Denisov avvalgi o‘yinda bo‘lgani kabi yana to‘liq 90 daqiqa to‘p surdi. Rossiya oliy divizionidagi yana bir vakilimiz Vadim Afoninga kelsak, u «Orenburg»ning oxirgi o‘yinlarida negadir ko‘rinish bermayapti. Jamoa chorshanba kuni o‘z maydonida «Zenit»ga imkoniyatni boy bergandi - 0:1. Orenburgliklar 26-tur o‘yinini esa kecha Samarada «Krilya Sovetov» jamoasiga qarshi o‘tkazishdi.

Muhim o‘yinda 3 ochko. Farhod Tojiev va Dilshod Sharofutdinovning jamoasi - «T-Tim» Malayziya super-ligasi 11-turida asosiy raqiblaridan biri «Selangor» bilan kuch sinashib, muhim g‘alabani rasmiylashtirdi. E’tiborlisi, hamyurtlarimizga katta ishonch bildirayotgan «T-Tim» yagona golni 88-daqiqada urdi.

Ijobiy siljish. Eron pro-ligasi 29-turida «Traktorsozi» bilan kuch sinashgan O‘zbekiston milliy jamoa­si yarim himoyachisi Server Jeparovning klubi - «Sepahon» yana g‘alaba nashidasini surdi. Muhimi, hamyurtimiz o‘yinni boshlang‘ich tarkibda boshlab, isfahonliklarning muvaffaqiyatlariga munosib hissa qo‘shdi. Bu «Sepahon» uchun ketma-ket qo‘lga kiritilgan 3-g‘alaba bo‘lganiyu, jamoa o‘z ochkolarini 45taga etkazib, 3-o‘ringa ko‘tarilganini ham alohida ta’kidlash o‘rinli.

G‘ofurovga nima bo‘ldi? «Yavor» klubi sharafini himoya qilayotgan Husniddin G‘ofurov Serbiya super-ligasi «pley-off» bosqichi 3-turida ham maydonga tushmadi. Uning jamoasi bu safar o‘z maydonida «Radnichki»ga imkoniyat qoldirmadi - 2:0. Eng achinarlisi, G‘ofurov ketma-ket 4ta o‘yindan buyon hattoki, qaydnomaga ham kiritilmayapti.

Atigi 41 daqiqa. Janubiy Koreya ikkinchi divizioni 9-tur o‘yinida hamyurtimiz Bahodir Pardaev atigi 41 daqiqa to‘p surdi. Vaholanki, u «Bucheon» jamoasining o‘z maydonida «Gyongnam»ga qarshi uchrashuvini asosiy tarkibda boshlagandi. Biroq hamyurtimiz birinchi bo‘lim yakunlanmay turib, o‘z o‘rnini zaxira vakiliga bo‘shatib berdi. Bu vaqtda «Bucheon» 0:1 hisobida ortda borayotgandi va yakunda 2:2 natijasini qayd etdi.

Galiulin - yagona gol muallifi. «Tosno» klubi Rossiya birinchi divizioni 34-turida «Spartak-2»ga qarshi o‘ynab, 1:1 hisobiga ko‘ndi. Jamoa safidagi Vagiz Galiulin ancha qo‘pol harakatlar ostida kechgan mazkur uchrashuvning 21-daqiqasida hisobni ochgandi. Ammo «Tosno» ijobiy natijani saqlab qolishni uddalay olmadi. To‘liq vaqt davomida harakatlangan Vagizning 74-daqiqada sariq kartochka bilan jazolanganini ham aytish o‘rinli. Bobur Davlatovning klubi - «Nefteximik» esa «Shinnik»dan yengildi - 1:2. Hamyurtimiz bu uchrashuv qaydnomasidan ham chetda qoldi.

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Legionerlarimizda nima gaplar?