Arsenal transfer bozorida gʻalaba qozondi: Londonliklar Lester iqtidorini qoʻlga kiritdi

Londonning Arsenal klubi transfer bozorida yirik gʻalabaga erishdi. "Kanonirlar" Lester Siti jamoasining yosh yulduzi Jeremy Monga transferi boʻyicha kelishuvga erishganini eʼlon qildi. Mikel Arteta boshchiligidagi jamoa ushbu iqtidorli vinger uchun kurashda Yevropaning bir qator grand klublarini ortda qoldirishga muvaffaq boʻldi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
talkSPORT nashri xabariga koʻra, Arsenal 16 yoshli futbolchi uchun taxminan 10 million funt sterling miqdorida tovon puli toʻlaydi. Londonliklar uzoq davom etishi mumkin boʻlgan sud jarayonlari va kompensatsiya masalalarini chetlab oʻtish uchun Lester Siti bilan toʻgʻridan-toʻgʻri kelishuvga erishishni afzal koʻrdi. Bu esa klubga iqtidorli oʻyinchi uchun raqobatda ustunlik berdi.
Angliya U-19 terma jamoasi aʼzosi boʻlgan Jeremy Monga uchun kurash ancha jiddiy kechdi. Unga Manchester Yunayted, Nyukasl, Lids Yunayted kabi ichki raqiblardan tashqari, Italiyaning Roma hamda Germaniyaning Bayer Leverkusen va RB Leypsig klublari ham qiziqish bildirgan edi. Biroq futbolchi oʻz faoliyatini Emirates Stadiumda davom ettirishga qaror qildi.
Tarixiy natijalar va Ruud van Nistelrooy eʼtirofi
Monga Lester Siti safida debyut qilganida jamoani Manchester Yunayted afsonasi Ruud van Nistelrooy boshqarayotgan edi. 2025-yilning aprel oyida Nyukaslga qarshi oʻyinda maydonga tushgan oʻsmir Angliya yuqori divizioni tarixidagi eng yosh debyutantlar roʻyxatida ikkinchi oʻringa koʻtarildi. Oʻshanda u bor-yoʻgʻi 15 yoshu 271 kunlik edi.Ruud van Nistelrooy yosh futbolchining debyutidan soʻng uning iqtidoriga yuqori baho bergan edi: "Uning harakatlarida yuqori sifatni koʻrish mumkin. U tezkor va ajoyib vinger. Jeremy — fantastik iqtidor va juda mehnatkash bola. U ushbu daqiqalarga loyiq edi va kelajakda yanada koʻprogʻiga erishadi".
Oʻtgan mavsumda Monga Chempionship tarixidagi eng yosh gol muallifiga ham aylandi. U Preston North End darvozasini ishgʻol qilib, mavsum davomida 27 ta oʻyinda bitta gol va ikkita golli uzatmani amalga oshirdi. Biroq uning individual harakatlari Lester Sitining quyi divizionga tushib ketishidan qutqarib qola olmadi. Jamoaning League Oneʼga tushishi futbolchining ketishini tezlashtirdi.
Mikel Arteta uchun ushbu transfer jamoa tarkibini yoshartirish va hujum chizigʻida raqobatni kuchaytirish yoʻlidagi muhim qadamdir. Arsenal kelasi mavsumda nafaqat Angliya Premer-ligasi chempionligini himoya qilishni, balki Chempionlar ligasida ham zafari quchishni maqsad qilgan. Jeremy Monga kabi yosh iqtidorlar esa jamoaning uzoq muddatli strategiyasining ajralmas qismi hisoblanadi.































Izohlar 0
…