Angliya terma jamoasi Panama bilan bahsda asosiy tarkibni tushirishga majbur

Angliya terma jamoasi Jahon chempionatining guruh bosqichidagi hal qiluvchi uchrashuv oldidan kutilmagan bosim ostida qoldi. Thomas Tuchel shogirdlari Xorvatiya ustidan qozonilgan ishonchli gʻalabadan soʻng, Gana bilan durang oʻynab, guruhda peshqadamlikni muddatidan oldin hal qilish imkoniyatini qoʻldan boy berishdi. Endilikda Panama bilan boʻladigan bahs shunchaki rasmiyatchilik emas, balki guruhdagi birinchi oʻrinni saqlab qolish uchun muhim jang hisoblanadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Goal.com nashri tahliliga koʻra, nemis mutaxassisi ushbu uchrashuvda zaxira futbolchilariga imkon berishni rejalashtirgan edi, biroq Ganaga qarshi golsiz durang barcha rejalarni oʻzgartirib yubordi. Garchi 1/16 final yoʻllanmasi naqd qilingan boʻlsa-da, guruhda gʻolib chiqish pley-offning keyingi bosqichlarida qulayroq raqibga duch kelish uchun oʻta muhimdir. Shu sababli, Tuchel Panama bilan oʻyinda tavakkal qilmasdan, maydonga eng kuchli tarkibni tushirishi kutilmoqda.
Darvozabon va himoya chizigʻidagi muammolar
Darvoza chizigʻida Jordan Pickford oʻz oʻrnini saqlab qolishi deyarli aniq, ammo uning joriy turnirdagi oʻyini mutaxassislarda savollar tugʻdirmoqda. Xususan, Gana bilan bahsda u qoʻpol xatoga yoʻl qoʻyib, maydondan chetlatilishiga bir bahya qoldi. Shunga qaramay, tajribali posbonning oʻrnini bosadigan munosib nomzod hozircha koʻzga tashlanmayapti.Himoyaning oʻng qanotida esa vaziyat yanada murakkab. Reece James oʻzining eng yaxshi sport formasida boʻlsa, shubhasiz dunyoning eng kuchli himoyachilaridan biri, biroq uning jarohatlarga moyilligi yana pand bermoqda. Tino Livramento jarohat tufayli lagerini tark etgani sababli, Tuchel ixtiyorida tanlov imkoniyati cheklangan. Agar James toʻliq tayyor boʻlmasa, Djed Spence uchun kutilmagan imkoniyat eshiklari ochilishi mumkin.
Hujum chizigʻida esa Bukayo Saka va Marcus Rashford kabi yulduzlarning asosiy tarkibga qaytishi kutilmoqda. Ularning tezkorligi va kreativligi Panama himoyasini yorib oʻtishda asosiy qurol boʻlishi kerak. Angliya uchun eng maqbul ssenariy — oʻyinning birinchi boʻlimidayoq ustunlikni taʼminlab, asosiy yetakchilarga dam berish imkoniyatini yaratishdir.
Umuman olganda, Thomas Tuchel uchun Panama bilan oʻyin nafaqat natija, balki jamoa ichidagi ishonchni qayta tiklash uchun ham zarur. Gana bilan oʻyindagi sustkashlikdan soʻng, muxlislar "Uch sherlar"dan yanada tajovuzkor va mazmunli futbol kutishmoqda. Nyu-Jersida boʻlib oʻtadigan ushbu uchrashuv Angliyaning turnirdagi haqiqiy salohiyatini koʻrsatib beradi.































Izohlar 0
…