Abbos Fayzullayev tog‘asi bilan bog‘liq armonini oshkor qildi (video)

O‘zbekiston milliy terma jamoasi hamda Turkiyaning "Istanbul Başakşehir" klubi futbolchisi Abbos Fayzullayev Sports Uz YouTube kanaliga bergan intervyusida hayotidagi eng yaqin insonlardan biri — tog‘asi haqida samimiy xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
Futbolchi yoshligidan buyon tog‘asi uning birorta ham uchrashuvini stadiondan tomosha qilmaganini, buning esa o‘ziga xos sababi borligini aytdi.
"Yoshligimdan tog‘am biror marta ham o‘yinimga kelmagan. Sababini so‘raganimda: 'O‘yiningni ko‘rishga arziydigan darajaga chiqqaningda boraman', degandilar. Afsuski, nasib qilmadi. Hozir ham har safar maydonga chiqqanimda tribunaga qarayman, tog‘amni izlayman. U kishining kelib o‘yinimni ko‘rishi men uchun armon bo‘lib qolgan. Tog‘amni hayotimda juda katta o‘rni bor edi, ularni ikkinchi otam deb bilaman. Yoshligimdan menga juda katta yordam berganlar", — dedi Abbos Fayzullayev.
Futbolchining ushbu samimiy e’tirofi muxlislarni befarq qoldirmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab foydalanuvchilar uning so‘zlari ta’sirli chiqqanini ta’kidlab, tog‘asining xotirasiga hurmat bajo keltirishdi hamda Abbosga kelgusi faoliyatida yanada ulkan muvaffaqiyatlar tilashmoqda.






























Izohlar 0
…