Inson qiyofasidagi Ubtech U1 robotlari: Mukammal realizm va hissiy intellekt

Robototexnika olamida haqiqiy inqilob yuz bermoqda: Ubtech kompaniyasi oʻzining yangi U1 seriyasidagi bionik robotlarini taqdim etdi. Ushbu qurilmalar oʻzining inson qiyofasiga oʻta yaqinligi, terisidagi mayda detallari va murakkab hissiy algoritmlari bilan texnologiya olamini hayratga soldi. Phoenix.com Technology maʼlumotlariga koʻra, yangi avlod robotlari shunchaki mashina emas, balki inson bilan ruhiy bogʻliqlik oʻrnata oladigan hamroh sifatida ishlab chiqilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Robotlarning tashqi koʻrinishi ustida nafaqat muhandislar, balki professional dizayner va stilistlar ham ish olib borgan. Ularning terisi silikondan ishlangan boʻlib, qoʻllardagi tomirlar, lablardagi mayda ajinlar va barmoq boʻgʻimlarigacha aniq aks ettirilgan. Hatto ayol qiyofasidagi robotlarga sifatli manyikur va makiyaj ham qilingan. Koʻrgazma davomida tashrif buyuruvchilarga robotlarning yuziga tegmaslik soʻralgan, chunki bu nozik makiyajga zarar yetkazishi mumkin edi.
Texnik imkoniyatlar va hissiyotlar tahlili
Ubtech U1 seriyasi 88 darajali erkinlik harakatiga ega boʻlib, inson tanasi bajaradigan harakatlarning 90 foizini takrorlay oladi. Ayniqsa, boʻyin qismidagi noyob bionik konstruksiya robotga tabiiy burilish imkonini beradi. Qurilma dunyodagi birinchi yirik hissiyotlar modeli bilan jihozlangan boʻlib, u 20 dan ortiq nozik emotsiyalarni 90 foizdan yuqori aniqlikda taniy oladi. Savol va javob oʻrtasidagi kechikish vaqti bor-yoʻgʻi 500 millisekundni tashkil etadi.Ishlab chiquvchilarning taʼkidlashicha, ushbu robotlar jinsiy maqsadlar uchun moʻljallanmagan. Kompaniya asoschisi Chjou Szyan robotlarning asosiy vazifasi "hissiy qiymat" berish ekanini alohida qayd etdi. Shunga qaramay, robotlarning tashqi koʻrinishida ikkilamchi jinsiy belgilar yaqqol ifodalangan boʻlib, bu ijtimoiy tarmoqlarda va koʻrgazma ishtirokchilari orasida qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi.
Qoʻl mehnatidan sanoat ishlab chiqarishiga
Bunday murakkab qurilmalarni ommaviy ishlab chiqarish oʻta qiyin vazifa hisoblanadi. Masalan, robotning faqat bosh qismida 2 mingdan 3 minggacha detallar mavjud boʻlib, u 30 xil mikromimikani bajara oladi. Dastlabki bosqichlarda robotlarning qoshlari va kipriklari mutaxassislar tomonidan qoʻlda ekilgan. Hozirda Ubtech ushbu sanʼat darajasidagi jarayonni standartlashtirilgan konveyer usuliga oʻtkazish ustida ishlamoqda.Ubtech U1 robotlaridan quyidagi sohalarda foydalanish rejalashtirilgan:
- Kundalik muloqot va hissiy qoʻllab-quvvatlash;
- Keksalar parvarishi va ijtimoiy yordam;
- Psixologik terapiya va maslahat berish;
- Mehmonlarni kutib olish va xizmat koʻrsatish;
- Ilmiy tadqiqotlar va taʼlim jarayonlari.






























Izohlar 0
…