Abduqodir Husanovning «Lans»ga o‘tishi qanday amalga oshgani aytildi

Abduqodir Husanovning «Lans»ga o‘tishi qanday amalga oshgani aytildi

«Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanovning agenti G‘ayrat Hasbiullin futbolchining 2023 yilda Fransiyaning «Lans» klubiga o‘tish jarayoni haqida gapirib berdi.

Uning aytishicha, Husanov bilan Toshkentdan Istanbulga ekonom-klassda uchishgan. Keyin ular Fransiyaga yo‘l olib, futbolchining «Lans»dagi faoliyati boshlanishi kerak bo‘lgan.

«Qodirdan: “Top-5 ligaga uchayotganingni his qilyapsanmi?” deb so‘radim. U esa: “To‘g‘risi, meni Rossiyaga sotishsa kerak, deb o‘ylagandim”, dedi. Men unga hammasi o‘zi xohlagandek bo‘lganini aytdim», deb esladi agent.

Hasbiullinning so‘zlariga ko‘ra, Husanov bilan birinchi suhbatdayoq undan qayerda o‘ynashni xohlashi so‘ralgan. Futbolchi javobni qisqa bergan: Yevropada.

Shu paytda Rossiya klublari tomonidan ham jiddiy qiziqish bo‘lgan. Ular katta mablag‘ taklif qilgan. Atrofida esa «ikki yil “Sochi”da o‘ynab tursang, keyin istagan joyingga ketasan» deb maslahat berganlar ham bo‘lgan.

Agent bunday yo‘l ko‘p holatda futbolchining Yevropaga chiqishiga kafolat bermasligini aytdi. Shu sabab Husanov uchun Yevropa varianti muhim bo‘lgan.

«Lans» Husanovni 2023 yil may oyida yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ko‘rib qolgan. Klub skauti turnirga Argentina terma jamoasining markaziy himoyachisini kuzatish uchun kelgan.

Argentinaning dastlabki o‘yini O‘zbekistonga qarshi bo‘lgan. O‘sha uchrashuvda Abduqodir Husanov skaut e’tiborini tortgan.

Skaut «Lans»ning bosh skautiga qo‘ng‘iroq qilib, O‘zbekistonning ikkinchi o‘yinida ham qolishni so‘ragan. Sabab, unga o‘zbekistonlik yosh himoyachi ma’qul kelgan.

Ikkinchi o‘yindan keyin skaut ikki uchrashuv bo‘yicha hisobot va videolavha tayyorlab, «Lans» bosh murabbiyiga yuborgan. Murabbiy Husanovning o‘yinini ko‘rgach, klubdan uni topishni so‘ragan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar