Peres xatosi va Mourinio shokda: Rodrining "Real"ga o‘tishi nega barbod bo‘ldi?

Rodrining "Real Madrid"ga transferi deyarli 100 foizga tayyor bo'lganiga qaramay, Xuni Kalafat tavsiyasi bilan Florentino Peres narxni pasaytirishni talab qilgani kelishuvning barbod bo'lishiga sabab bo'ldi. "Manchester Siti" bu talabni rad etib, Rodrini boshqa klublarga taklif qila boshladi, futbolchi esa uzoq kutishdan charchadi.
Ispaniyalik taniqli jurnalist Serxio Valentin "Manchester Siti" yarimhimoyachisi Rodrining "Real Madrid"ga kutilgan transferi nega to‘xtab qolgani va kurashga "Barselona" qanday qo‘shilgani haqida sensatsion tafsilotlarni oshkor qildi.
Jurnalistning ta’kidlashicha, kelishuv deyarli 100 foizga tayyor edi: Rodri "Madrid"ga o‘tishga to‘liq rozi bo‘lgan va "Manchester Siti" bilan transferning barcha bandlari kelishib olingan edi. Ammo Madrid klubi rahbariyatining kutilmagan yurishi hamma narsani ag‘dar-to‘ntar qilib yubordi.
Xuni Kalafatning aralashuvi va Peresning qarori
Jarayonning eng qizigan pallasida "Real"ning bosh skauti Xuni Kalafat ishga aralashib, Florentino Peresni transfer narxini yanada pasaytirish mumkinligiga ishontiradi. Peres skautning fikriga quloq tutib, muzokaralarni vaqtincha muzlatib qo‘yadi.
"Real" narxni tushirishga uringanda, "Manchester Siti" bu taklifni keskin rad etadi va Rodrini transfer bozorida boshqa klublarga taklif qila boshlaydi.
"Rodri faqat 'Real'ga o‘tishni xohlashini aytdi. Ammo Florentino Peres qat’iy pozitsiyada qoldi: yo narx pasayadi, yoki transfer amalga oshmaydi. Oxir-oqibat futbolchi besamar kutishdan charchadi. Jorje Mendesh bu haqda Joze Mourinioga xabar berganida, murabbiy karaxt ahvolga tushdi", — deb yozadi Serxio Valentin.
"Barselona", Flik va Dekuning yashirin yurishi
Vaziyat murakkablashganidan unumli foydalangan "Barselona" sport direktori Deku uch kun oldin Rodri bilan bevosita muloqotga kirishadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchini ko‘k-anorranglilar lageriga o‘tishga ishontirishda quyidagi omillar asosiy rol o‘ynadi:
Hans-Diter Flikning shaxsan o‘zi futbolchi bilan bog‘lanib, jamoadagi taktik rolini tushuntirgani;
"Barselona"da to‘p tepayotgan Ispaniya terma jamoasidagi sheriklarining Rodrini Kataloniyaga taklif qilgani.
Natijada, "Manchester Siti" transfer poygasida yana bir qudratli da’vogarni paydo qilishga erishdi va eng muhimi — Rodrining o‘zi ham "Barselona" variantiga jiddiy qiziqib qoldi.
"Real"da transfer siyosati inqirozimi?
Jurnalist Serxio Valentin Madrid klubidagi ichki muhitni keskin tanqid ostiga oldi:
" 'Real' — bu transatlantik layner, ammo uning boshqaruv tizimida jiddiy yoriqlar bor. Madridliklarda rejalashtirish va transfer siyosatida anchadan beri muammolar mavjud. Endelikda ular nafaqat ko‘proq pul to‘lashlari, balki arang yo‘qotilgan Rodrining ishonchini qayta qozonishlari kerak bo‘ladi. Mourinio esa markaziy yarimhimoyachi olishni juda xohlagan edi va bu vaziyatdan shokda", — deydi insayder.
Fikringizni izohda qoldiring va maqolani tanishlaringizga Telegram yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ulashing!































Izohlar 0
…