Shomurodov "Trabzonspor"ga o‘tadimi? "Bashakshehir" prezidenti bayonot berdi

"Bashakshehir" prezidenti Go‘ksel Gyumyushdag‘ning aytishicha, "Trabzonspor" tomonidan Eldor Shomurodov bo‘yicha hozircha hech qanday rasmiy murojaat, uchrashuv so‘rovi yoki transfer taklifi kelib tushmagan. Shunga qaramay, "Trabzonspor" bosh murabbiyi Fotih Tekke o‘tgan mavsumda 22 ta gol urgan hujumchini jamoasida ko‘rishni istamoqda va klub Umut Nayirni almashuvga qo‘shish variantini ko‘rib chiqmoqda.
Turkiya Superligasining yangi mavsumi oldidan yirik va ambitsiyali maqsadlarni qo‘ygan "Trabzonspor" klubi transfer bozoridagi shov-shuvlari bilan diqqat markazida bo‘lib turibdi.
"Liverpul"ni tark etgan 34 yoshli jahon yulduzi Muhammad Salohni Yevropa, AQSH va Saudiya Arabistoni klublarining mo‘may takliflariga qaramay o‘z safiga qo‘shib olgan trabzonliklar endi e’tiborni markaziy hujumchi pozitsiyasiga qaratgan.
Turkiya matbuoti "Trabzonspor" o‘tgan mavsumda 22 ta gol urib, Superliga to‘purariga aylangan "Istanbul Bashakshehir" forvardi Eldor Shomurodovga jiddiy qiziqayotgani haqida yozmoqda.
"Bashakshehir" prezidenti rasmiy taklif borligini tan oldimi?
Turkiyaning nufuzli 61saat.com portali sport direktori Hasan Tyunjel ushbu transfer mish-mishlariga oydinlik kiritish maqsadida "Bashakshehir" klubi prezidenti Go‘ksel Gyumyushdag‘ bilan uchrashib, vaziyatni o‘rgandi.
Insayderning ma’lum qilishicha, Istanbul klubi rahbari kutilgan bayonotni bergan:
"Eldor Shomurodov, albatta, juda yuqori saviyali futbolchi. Men bu masala yuzasidan 'Bashakshehir' prezidenti Go‘ksel Gyumyushdog‘ bilan shaxsan suhbatlashdim. Janob Gyumyushdog‘ning aytishicha, 'Trabzonspor' tomonidan Shomurodov bo‘yicha hozircha hech qanday rasmiy murojaat, uchrashuv so‘rovi yoki transfer taklifi kelib tushmagan", — dedi Hasan Tyunjel.
Fotih Tekkening rejasi va 15-20 million yevrolik senz
Aksariyat nufuzli manbalar "Trabzonspor" bosh murabbiyi Fotih Tekke o‘z hujum chizig‘ida o‘tgan mavsumda 22 ta gol urgan Shomurodovni ko‘rishni o‘ta alohida istayotganini tasdiqlashmoqda.
Trabzonliklar ushbu transferni moliyaviy jihatdan yengillashtirish uchun o‘z hujumchisi Umut Nayirni almashuvning bir qismi sifatida taklif qilish varianti ustida ishlashmoqda.
Shu bilan birga, 31 yoshli O‘zbekiston terma jamoasi sardoriga JCHdagi muvaffaqiyatli o‘yinlaridan so‘ng Saudiya Arabistoni va Rossiya klublaridan ham da’vogarlar paydo bo‘lgan.
"Bashakshehir"ning moliyaviy talabi:
"Bashakshehir" o‘z vaqtida Shomurodov transferi uchun jami 5,8 million yevro xarajat qilgan edi. Endilikda Istanbul klubi rahbariyati o‘z to‘purarini kamida 15–20 million yevro atrofida baholamoqda va ushbu transferdan katta daromad olishni rejalashtirmoqda.
Fikringizni izohda qoldiring va maqolani tanishlaringizga Telegram yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ulashing!































Izohlar 0
…