O‘zbekiston o‘smirlari Jahon chempionatini 4 medal bilan boshladi

Iroda Sirojiddinova -40 kg vazn toifasida barcha raqibalarini mag'lub etib, o'smirlar o'rtasida Jahon chempioniga aylandi. O'zbekiston terma jamoasi musobaqaning birinchi kunida 1 ta oltin va 3 ta bronza medalini qo'lga kiritdi. Bronza medallariga Bobur Yusupov (-55 kg), Alina Kolyucheva (-44 kg) va Charos Hikmatova (-48 kg) sazovor bo'ldi. O'zbekiston 60 davlat orasida umumjamoa hisobida 2-o'rinni egallab turibdi.
Ekvadorning Guayakil shahrida o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionati start oldi. Musobaqaning birinchi kuni O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli o‘tdi.
Aurelio Chiprian-Flis boshchiligidagi kadetlarimiz dastlabki kun yakuniga ko‘ra 1 ta oltin va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Iroda Sirojiddinova — Jahon chempioni!
-40 kg vazn toifasida ishtirok etgan Iroda Sirojiddinova barcha raqibalarini mag‘lub etib, o‘smirlar o‘rtasida Jahon chempioniga aylandi.
Sirojiddinova musobaqani ikkinchi bosqichdan boshlab, unda ozarbayjonlik Sunay Salamova, yarim finalda rossiyalik Emiliya Sayfutdinova, finalda esa qozog‘istonlik Adiya Janaxmet ustidan g‘alaba qozondi.
Shu tariqa, olis Ekvadorda O‘zbekiston madhiyasi yangradi.
Qayd etish joiz, Iroda Sirojiddinova bir oy avval Iordaniyada o‘tkazilgan Osiyo chempionatida ham oltin medalni qo‘lga kiritgan edi.
Yana 3 ta bronza
O‘zbekiston terma jamoasining yana uch nafar vakili shohsupaga ko‘tarildi:
Bobur Yusupov — -55 kg;
Alina Kolyucheva — -44 kg;
Charos Hikmatova — -48 kg.
Birinchi kungi bahslardan so‘ng O‘zbekiston 1 ta oltin va 3 ta bronza medali bilan 60 davlat orasida umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egallab turibdi.































Izohlar 0
…