Shu kunlarda jahon chempionatiga chiqish masalasi o‘zbek futbolining bosh mavzusi bo‘lib turibdi.
Eronga mag‘lub bo‘lganimizdan so‘ng bu mavzu biroz sovugan, go‘yoki imkoniyat boshqa qolmagandi, ammo ertasi kuni Qatar Janubiy Koreyani 3:2 hisobida yutib bergach, yana hammasi joyiga tushdi.
Endilikda yana hammasi o‘z qo‘limizda, oldimizda ikkita o‘yin qoldi va ikkalasida g‘alaba qozonsak, marra bizniki. Raqiblar qanday o‘ynadi, falonchi jamoa yutdimi deb qarab o‘tirmaymiz. Ikkita o‘yinda g‘alaba qozonsak, ochkolarimiz 18 taga etadi va qarabsizki biz jahon chempionatidamiz!
Oldinda bizni ikkita o‘ta muhim bahs kutmoqda: 31 avgust kuni safarda Xitoy mehmoni bo‘lsak, 5 sentyabr Toshkentda Janubiy Koreyani qabul qilamiz va shu bilan saralashning guruh o‘yinlari o‘z yakuniga etadi. Hozirgi sharoitdan kelib chiqqanda Xitoy ham, Janubiy Koreya ham bizga nisbatan juda kuchli emas. Shunday ekan, ikkala raqibni ham mag‘lub etsa bo‘ladi. Har holda bunga futbolchilarimiz kuchi etishiga to‘liq ishonamiz.
Afsuski, Eronga qarshi bahs biz uchun muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Biz raqibga qarshi aytarli hech narsa qila olmadik. Boshqalar qatori men ham bu o‘yinni katta qiziqish va intiqlik bilan kutdim. Saytimiz orqali Eron bilan o‘yinga falonchi kun qoldi deya har kuni bo‘lmasa ham tez-tez shuni eslatib turdik. Lekin natija va o‘yin barchamizning hafsalasini pir qildi.
Mag‘lubiyatdan hammaning — murabbiylardan tortib futbolchilar, muxlislar-u mutaxassislarning dili g‘ash bo‘lgani bor gap. Lekin Mirjalol Qosimov aytganidek, o‘zbeklarda har doim imkoniyat bo‘lgan va mana shu imkoniyat hozir ham o‘z qo‘limizda.
Hozir shunday holatdamizki, kelasi yil Rossiyada bo‘lib o‘tadigan jamhon chempionatiga borishimizga hech kim to‘sqinlik qila olmaydi. Ba’zilar aytganidek, jahon chempionatiga chiqishga tayyormizmi, chiqsak u erga borib yirik hisobda yuqazib kelsak bundan nima foyda kabi gaplarga umuman ahamiyat berish kerak emas. Chunki O‘zbekistonda futbol rivojlanishi uchun ham terma jamoamiz jahon chempionatiga borishi shart.
Xo‘sh, jahon chempionatiga chiqdik ham deylik, bu bizga nima beradi? Masalan, shaxsan men bunda hech bir salbiy jihatni ko‘rmayapman. Rossiyaga borib yirik hisobda yutqazamizmi yo o‘ynay olmaymizmi bu umuman boshqa masala. Bugungi kun tartibidan o‘rin olgan mavzu bu emas. Lekin chiqsak, rivojlanish sari juda katta sakrashni amalga oshiramiz.
Birinchidan, agar jahon chempionatiga chiqsak, O‘zbekiston hukumatining futbolga bo‘lgan e’tibori oshadi. Ba’zi bir salbiy qarashlar o‘z-o‘zidan ijobiy tomonga o‘zgaradi. Davlat futbol rivoji, kerak bo‘lsa, terma jamoamizning jahon birinchiligida munosib ishtiroki uchun alohida dastur tuzib chiqadi. O‘zbek futboli mavzusi yuqorida doiradagi majlislarda kun tartibidan o‘rin oladi.
Ikkinchidan, agar jahon chempionatiga chiqsak, Rossiya bizga uzoq yo begona emas. U erga borib xuddi uydagidek o‘zimizni his qilishimiz mumkin. Tilni bilamiz, urf-odatlarni bilamiz, qolaversa ularning ham bizga nisbatan hurmat va munosabati bo‘lakcha.
Uchinchidan, agar jahon chempionatiga chiqsak, o‘zbek muxlislari yana stadionga qayta boshlaydilar. Oliy liga tugul, birinchi ligaga ham qiziqish kuchayadi. Odamlar futbolga boshqacha ko‘z bilan qarashadi. Ayniqsa, oliy ligaga e’tibor kuchayadi. Hatto oddiy o‘yinlarga ham ishqibozlar tashrifi oshadi.
To‘rtinchidan, agar jahon chempionatiga chiqsak, Rossiyadagi musobaqada terma jamoamizni hech kim yolg‘izlatib qo‘ymaydi. Avvalo u erda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz ko‘p. Qolaversa, O‘zbekistondan necha minglab odamlar borishini bir tasavvur qilib ko‘ring-a. Ishonamanki, jahon chempionatiga borsak, eng ko‘p muxlis Rossiyadan keyin O‘zbekistonniki bo‘ladi. (Va yana shuni aytish mumkin, rossiyaliklar ham bizga ishqibozlik qilishadi).
Beshinchidan, agar jahon chempionatiga chiqsak, dunyo Ommaviy axborot vositalarining bizga bo‘lgan e’tibori oshadi. Boshqa 31ta terma jamoa qatori bizni ham butun dunyoda gapirishadi. Kerak bo‘lsa, hatto Rossiya matbuoti bizni butun jahonga reklama qilib beradi. Rossiyaning barcha sportga oid kanallari biz haqimizda lavhalar tayyorlaydi, hech qanday tarjimonsiz intervyular olishadi.
Oltinchidan, agar jahon chempionatiga chiqsak, hali Rossiyaga bormasimizdan oldin O‘zbekistondayoq OAVning futbolga bo‘lgan e’tibori kuchayadi. Katta ehtimol bilan «Sport» telekanali oliy liganing deyarli barcha uchrashuvlarni jonli ravishda namoyish etishni boshlaydi. Birinchi liga o‘yinlari yoritiladi. Matbuot anjumanlari, futbol tadbirlari jurnalistlar bilan qaynaydi.
Ettinchidan, agar jahon chempionatiga chiqsak, terma jamoamiz o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish uchun raqib topishda qiynalmaydi. Raqiblar o‘zi bizni topadi. Toshkentga hatto manaman degan jamoalarni ham chaqirish imkoniga ega bo‘lamiz. Kerak bo‘lsa, kim bilan o‘ynash lozimligini biz hal qilamiz.
Sakkizinchidan, agar jahon chempionatiga chiqsak, OFK oldidagi e’tiborimiz oshadi. Ular biz tomondan beriladigan maslahatlarga ham quloq tutishadi. Avvalo FIFAning o‘zi bizga qiziqishni boshlaydi. Kerak bo‘lsa, FIFAdan rahbarlar, jurnalistlar kelib o‘zbek futboli bilan yaqindan tanishishadi. Biz haqimizda ingliz, ispan, nemis, italyan, fransuz va boshqa xalqaro tillarda yozishadi.
To‘qqizinchidan, agar jahon chempionatiga chiqsak, O‘zbekiston yoshlarining futbolga qiziqishi keskin darajada kuchayib ketadi. O‘g‘lini futbol maktabiga berish uchun ota-onalar hatto navbat kutishadi. Buning ortidan ko‘plar maktablar, stadionlar va maydonlar epaqayga keltiriladi. Kattalar futboli esa chinakam professional tus oladi.
O‘ninchidan, agar jahon chempionatiga chiqsak, bundan avvalo o‘zbek muxlislari, O‘zbekiston xalqi yutadi. Futbolimiz rahbarlari, murabbiylar, futbolchilar, jurnalistlar, muxlislar — xullas hammamiz yutamiz. Xalqning ko‘zida quvonch porlaydi, futbol biz uchun bayram tusini oladi.
Bu raqamlarni o‘n birinchidan, o‘n ikkinchidan… yigirmanchidan, xullas istalgancha davom ettirish mumkin. Yuqori aytib o‘tganimizdek, agar jahon chempionatiga chiqsak, yirik hisoblarda yutqazib bekorga sharmanda bo‘lib qaytamiz deya umuman salbiy fikrga borish kerak emas. Inson doim yaxshilikni o‘ylab, yaxshilikka intilib yashashi kerak. Zero, hayotda bo‘lgani kabi futbolda ham yaxshi natijalar yaxshi o‘ylardan keyin keladi.
Shunday ekan, barcha futbolchi va murabbiylardan iltimos qilamiz, navbatdagi ikki o‘yinda g‘alaba qozoning va O‘zbekiston xalqiga quvonch ulashing. Chunki xalqimiz bu damlarni 26 yildan beri kutmoqda. Biz har doim Sizlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Ishoning, yozilayotgan tanqidlar va gapirilayotgan achchiq gaplar Sizlarni yomon ko‘rishimizdan emas, balki mundial eshigini ochinglar deyishga qaratilgan.
Jahon chempionatiga borishni futbolchilarimiz hammadan ko‘p xohlayotganini bilamiz va bu yo‘lda ularga omad tilaymiz. Ishoning, Xitoy ham, Janubiy Koreya ham bugungi kunda yutib bo‘lmaydigan raqiblar emas. Axir qachondir shov-shuv yuz berib O‘zbekiston ham jahon chempionatiga chiqishi kerak-ku va nasib qilsa bu kunlarni ko‘rishimizga oz qoldi.
Manba: championat.asia “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin