Osiyo o‘yinlarida shov-shuv: O‘zbekiston terma jamoasi sportchisi doping sabab chetlatildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Osiyo o‘yinlarida regbi-7 bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Umar Usmonov doping qoidalarini buzganlikda gumonlanib, musobaqalardan vaqtincha chetlatildi.
- Sportchidan olingan sinov namunasida taqiqlangan drostanolon metaboliti aniqlangan.
- Usmonovga Osiyo o‘yinlarida ishtirok etish, mashg‘ulot o‘tkazish va sport tadbirlarida qatnashish taqiqlangan.
Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida davom etayotgan 2026 yilgi Osiyo o‘yinlarida noxush voqea yuz berdi. Regbi-7 bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Umar Usmonov doping qoidalarini buzganlikda gumon qilinib, musobaqalardan vaqtincha chetlatildi.
Bu haqda sportda halollikni ta’minlovchi nufuzli tashkilot — Xalqaro test sinovlari agentligi (ITA) rasman ma’lum qildi.
Qondan qanday modda topildi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, 27 sentyabr kuni Nagoya shahrida musobaqadan tashqari nazorat doirasida sportchidan olingan sinov namunasida taqiqlangan modda — drostanolon metaboliti aniqlangan.
Drostanolon nima? Bu modda anabolik androgen steroidlar turkumiga mansub bo‘lib, Jahon antidoping agentligi (WADA) qoidalariga ko‘ra, musobaqa vaqtida ham, undan tashqari davrda ham qabul qilinishi qat’iyan man etilgan vositalar ro‘yxatiga kiradi.
Vaqtinchalik diskvalifikatsiya va sportchining huquqlari
Natijalar chiqqanidan so‘ng Usmonovga rasmiy xabar berilgan va ish bo‘yicha yakuniy hukm chiqarilgunga qadar u sport faoliyatidan chetlatilgan:
Sportchiga Osiyo o‘yinlarida maydonga tushish, milliy jamoa bilan mashg‘ulotlar o‘tkazish va har qanday sport tadbirlarida ishtirok etish ta’qiqlandi.
Shu bilan birga, reglamentga muvofiq, sportchi «B namuna»sini tekshirishni talab qilish hamda vaqtinchalik chetlatish qarori yuzasidan Sport arbitraj sudining (CAS) antidoping bo‘limiga apellyatsiya berish huquqiga ega.
O‘zbekiston regbi-7 termasining Osiyo o‘yinlaridagi ishtiroki
Umar Usmonov erkaklar o‘rtasidagi regbi-7 musobaqalarida O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan joy olgan edi. Biroq hamyurtlarimiz uchun musobaqa muvaffaqiyatsiz kechdi:
«A» guruhi bahslari: Jamoa Gonkong (0:45), Xitoy (0:50) va Malayziyaga (0:22) mag‘lub bo‘lib, guruhda so‘nggi o‘rinni egalladi.
Tasalli raundi: 2 oktyabr kuni 9–12-o‘rinlar uchun kechgan bahsda O‘zbekiston regbichilari Qozog‘iston termasiga 7:35 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Shu tariqa, regbi-7 terma jamoamiz turnirda o‘tkazgan to‘rtta uchrashuvning barchasida mag‘lubiyatga uchrab, Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini yakunladi.































Izohlar 0
…