Ro‘ziqul Berdiyev «Al Vahda»ga qarshi mag‘lubiyat va Ne’matov atrofidagi shov-shuvga nuqta qo‘ydi

Ro‘ziqul Berdiyev «Al Vahda»ga qarshi mag‘lubiyat va Ne’matov atrofidagi shov-shuvga nuqta qo‘ydi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • «Nasaf»
  • OCHL-2 musobaqasida «Al Vahda»ga 1:2 hisobida yutqazdi, bu o‘yinda darvozabon Abduvohid Ne’matov penaltini tepdi va keyin gol o‘tkazib yuborildi.
  • Bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiyev birinchi bo‘limdagi hayajonni jamoaning asosiy kamchiligi deb atadi, Sardor Bahromovga dam berilgani va Bobur Abduholiqovning samaradorligi pastligi sababli zaxirada qoldirilganini tushuntirdi.

OCHL-2 musobaqasi doirasida Qarshining «Nasaf» jamoasi o‘z maydonida BAAning «Al Vahda» klubini qabul qilib, 1:2 hisobida alamli tarzda imkoniyatni boy berdi. Bellashuv dramatik voqealarga, ayniqsa darvozabon Abduvohid Ne’matovning penaltini amalga oshirishi va undan so‘ng o‘tkazib yuborilgan golga boy bo‘ldi.

Uchrashuvdan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida «ajdarlar» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev jurnalistlarning keskin savollariga batafsil va ochiq javob qaytardi.

«Ikki bo‘limda ikki xil jamoa ko‘rdik»

Ro‘ziqul Berdiyev uchrashuvdagi tafovut va jamoaning asosiy kamchiligi sifatida birinchi bo‘limdagi ortiqcha hayajonni ko‘rsatdi:

  • Birinchi bo‘limdagi xatolar: «Birinchi bo‘limni yomon o‘tkazdik, raqibga imkoniyat berdik. Yigitlarda tushunarsiz bir hayajon sezilib turdi va aynan shu sabab oddiy vaziyatlarda to‘pni oldirib qo‘yib, ikkita gol o‘tkazdik;

  • Ikkinchi bo‘limdagi o‘zgarish: Hisob 0:2 bo‘lib turganida yigitlar ruhiy to‘siqni yengib o‘tib, erkinroq harakat qilishdi, ko‘plab vaziyatlar yaratishdi. Bugungi o‘yinimizga qaraganda, biz mag‘lubiyatga mutlaqo munosib emasdik;

  • Shoshqaloqlik va qarorlar: Hayajon va shoshqaloqlik sababli ba’zi standart vaziyatlarda noto‘g‘ri qarorlar qabul qilindi. Masalan, Zafarmurod jarima maydoniga yorib kirgan vaziyatda o‘zi zarba berishi kerak edi, ammo pas uzatishni ma’qul ko‘rdi. Bunday paytda omad ham bizdan yuz o‘girdi».

Bobur va Sardorning zaxirada qoldirilishi sababi nimada?

Jurnalistlar odatda asosiy tarkibda ko‘rishga o‘rganib qolgan yetakchilar — Sardor Bahromov hamda Bobur Abduholiqovning ikkinchi bo‘limda maydonga tushirilganiga ham to‘xtalib o‘tildi:

  • Sardorga dam berildi: Ko‘p o‘yinlarda ishtirok etgani va Murod ham safga tayyor bo‘lib qaytgani sababli unga biroz dam berishga qaror qilingan;

  • Hujumchiga signal: Boburning so‘nggi o‘yinlardagi samaradorligidan kelib chiqib zaxira tanlandi. Bosh murabbiyning fikricha, agar hujumchi o‘z vazifasini to‘liq bajarmasa, tarkibda o‘zgarish qilish tabiiy holat hisoblanadi.

Nega penaltini Ne’matov tepdi? Tavakkalchilik oqibati

Matbuot anjumanining eng qizg‘in qismi jamoa darvozaboni Abduvohid Ne’matovning 11 metrlik jarima zarbasini amalga oshirishi bilan bog‘liq bo‘ldi:

  • Kutilmagan tashabbus: «Bizda penaltini doimo Sharof Muhitdinov tepadi, u mashg‘ulotlarda ham shu bo‘yicha ishlaydi. Men ham Sharof to‘pni qo‘yganida u tepsa kerak deb o‘ylagandim. Ammo to‘pni negadir Vohid olib tepdi. Bu biz uchun ham biroz tushunarsiz bo‘ldi;

  • Katta tavakkalchilik: Albatta, darvozabonning o‘z joyini tashlab kelib zarba berishi ulkan tavakkalchilik. Agar gol bo‘lganida, hammasi to‘g‘ridek ko‘rinardi. Biroq to‘p qaytgach, darvozamizga gol kiritilishi shu tavakkalning achchiq oqibati bo‘ldi. Bu maydonda futbolchilarning o‘zaro qabul qilgan qarori edi va uni o‘zlaridan so‘raymiz».

Tarmoqlardagi tanqidlar: «Bu Vohidning muammosi emas»

Ijtimoiy tarmoqlarda mag‘lubiyatda asosiy aybdor sifatida Ne’matovni ko‘rsatishayotgani va unga bosim oshayotganiga Berdiyev keskin va mustahkam javob berdi:

  • Izohlarga e’tibor yo‘q: «Futbolchilar tarmoqdagi izohlarga qarab yashamaydi. Agar ularga e’tibor qaratishsa, ruhan qiynalib qolishadi;

  • To‘liq ishonch: Abduvohid ruhiy bosimlarga dosh bera oladigan yigit. U jamoamiz uchun ne-ne muhim o‘yinlarda g‘alaba keltirgan, sovrinlar yutishimizga beqiyos hissa qo‘shgan. Biz tomondan unga hech qanday bosim bo‘lmaydi;

  • Qat’iy pozitsiya: Kimdir Abduvohidga salbiy izoh yozsa yoki u kimgadir yoqmasa — bu o‘sha odamning shaxsiy muammosi. Bu darvozabonimizning ham, “Nasaf”ning ham muammosi emas», — deya so‘zini yakunladi mutaxassis.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar