Fransiyada 17 yoshli regbichi uchrashuvda olgan jarohati oqibatida vafot etdi

Fransiyaning «Union du Bassin Marmandais» klubi 17 yoshli regbichisi Klea Mene uchrashuv vaqtida olgan og‘ir jarohati oqibatida vafot etdi. Bu haqda «RMC Sport» va Fransiyaning mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Hodisa 17 oktyabr kuni Lot-e-Garonna departamentida «Agen Agglo Rugby» jamoasiga qarshi o‘tkazilgan yoshlar uchrashuvida sodir bo‘lgan. Bahs davomida Mene boshidan kuchli zarba olgan. Shundan so‘ng uning yuragi to‘xtab qolgan. Tibbiyot xodimlari maydondayoq reanimatsiya choralarini ko‘rgan va sportchi shifoxonaga olib ketilgan.
Biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan. Klub regbichining vafoti haqida 21 oktyabr kuni ma’lum qilgan.
Fransiya regbi federatsiyasi marhumaning oilasi va yaqinlariga hamdardlik bildirib, hodisa sabablarini aniqlash uchun barcha choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan. Fojiadan jabrlangan jamoadoshlari va boshqa ishtirokchilar uchun psixologik yordam ham tashkil etilgan.






























Izohlar 0
…