O‘zbekiston milliy terma jamoasining Qirg‘izistonga qarshi uchrashuvini muxlislarsiz o‘tkazishi kunning eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzusi bo‘lib turibdi.
JCh—2018 saralashining ikki muhim o‘yini oldidan o‘zbekistonlik ishqibozlar bosh jamoa futbolchilarini ko‘rish imkoniyatidan mosuvo. Shuningdek, terma mashg‘ulotlari OAV ko‘zidan panada o‘tkazib kelinmoqda.
Muxlislarsiz o‘yin haqida birinchi «Championat.asia» saytida o‘qidim. Bunda Qirg‘iziston tomoni shuni iltimos qilayotgani aytilgandi. Rostini aytsam, bu holat menga biroz kulguli ko‘rindi.
Qo‘shni mamlakat termasiga qarshi safar uchrashuvini muxlislarsiz o‘tkazishni so‘rash Qirg‘iziston tomoni uchun mutlaqo kerak emas, deb bilaman.
Bungacha qo‘shnilardan Tojikiston va Turkmaniston o‘zaro o‘ynadi, Qozog‘iston esa Qirg‘izistonga qarshi maydonga tushdi. Ularning barchasida stadionga minglab muxlislar tashrif buyurdi. Nega endi Toshkentdagi uchrashuv muxlislarsiz o‘tishi Qirg‘iziston uchun kerak bo‘lib qoldi?
Bundan roppa-rosa 1 yil avval O‘zbekiston termasi Qirg‘izistonga qarshi o‘rtoqlik o‘yini borasida kelishuvga erishgandi. Hatto o‘shanda ham muxlislarsiz o‘yin haqida gap bo‘lmagan.
O‘zbekiston tomoni Ekvatorial Gvineya varianti chiqqanidan so‘ng, Qirg‘iziston bilan o‘yinni bekor qilgan, yakunda ikkisidan ham quruq qolgandi.
O‘FF bahonasi haqida
Kecha — 22 avgust kuni O‘FF bu borada rasmiy axborotini taqdim etdi. Bunda har ikki tomon o‘zaro kelishib, cheklanmagan miqdorda futbolchi almashtirishga qaror qilgan. Shu boisdan mazkur bellashuv xalqaro o‘rtoqlik maqomiga ega bo‘lmaydi.
Bunisi to‘g‘ri, FIFA nizomida 6 tadan ko‘p o‘zgarishga qo‘l uriladigan o‘yinlar «A» toifiga kiritilmaydi, balki sinov-nazorat o‘yini sifatida kvalifikasiyalanadi. Bunday o‘yinlarni FIFA tan olmaydi va o‘z reytingiga kiritmaydi.
Endi esa O‘FF bayonotini boricha keltiraman:
FIFAning 2017 yil 26 iyulida tashkilotga a’zo federasiyalarga yuborgan 1593-raqamli sirkulyariga ko‘ra, bunday nazorat uchrashuvilarining targ‘iboti, o‘yinga chipta sotish, o‘yinni translyasiya qilishga ruxsat berilmasligi munosabati bilan O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi nazorat o‘yini translyasiya qilinmaydi.
O‘FF bayonoti
Hozir qo‘limda nomi tilga olingan 1593-sirkulyar turibdi.
Uni ikki qayta o‘qib chiqib ham, o‘yinga chipta sotish, uni translyasiya qilish borasida birorta gap topa olmadim. Bundan kelib chiqadiki, O‘FF yolg‘on bayonot bilan chiqish qilgan.
Birinchi galda O‘FF Qirg‘iziston tomoni muxlislarsiz stadionni iltimos qilayotgani haqida aytdi, ertasi kuni esa FIFA nizomini o‘zgartirib, bayonot berdi. Ya’ni, birinchi gap ikkinchisiga mos kelmadi.
Shuningdek, qirg‘izistonlik jurnalist do‘stlarimiz ikki kun avval federasiya xodimlari bilan gaplashganida, yopiq o‘yin borasida QFFning xabari bo‘lmagan. Katta ehtimol bilan bu O‘FF tashabbusi bo‘lib chiqmoqda.
Nega shunday xulosaga keldim? Birinchidan, Qirg‘iziston termasi O‘zbekistonga qarshi uchrashuv o‘tkazish uchun ko‘p narsaga tayyor, bu raqib uchun katta maktab vazifasini o‘tab beradi. Qolaversa, «kto platit, tot i zakazыvaet muzыku» degan naqlni ham unutmaslik kerak.
Qirg‘iziston uchun muxlislar bor stadionda o‘ynaydimi yoki muxlislarsiz chamamda katta ahamiyati yo‘q. O‘FF bayonotidagi chalkashliklar va FIFA nizomida ko‘rsatilgan bandlarning aytilayotgani shubhani ikki barobar oshiradi.
Bunda yana bir jihat bor, «Bunyodkor» stadioni katta ehtimol bilan uchrashuvning muxlislarsiz o‘tishini avvaldan bilgan bo‘lishi mumkin. Stadion chipta chiqarish va uni sotish uchun tayyorgarlikni avvaldan boshlaydi.
Demak, u avvaldan ogohlantiriladi. «Bunyodkor» ogohlantirilib, bayonotgacha ikki kun qolganida Qirg‘iziston tomoni bundan bexabar bo‘lishi shubhani yanada oshiradi.
«Bunyodkor» shuning uchun ham ogohlantiriladiki, o‘yin davomida xavfsizlikni ta’minlash uchun Ichki ishlar vazirligiga o‘z vaqtida axborot taqdim etilishi shart. Demak, muxlislarsiz o‘yin masalasi kechagi uchrashuvda hal etilmagan, avvaldanoq shunday reja bo‘lgan.
Raqiblarda nima gap?
25 avgust FIFA kuni hisoblanmaydi. Shundan kelib chiqib, asosini legioner futbolchilar tashkil qiladigan O‘zbekiston, Avstraliya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron kabi mamlakatlar JCh saralashi oldidan xalqaro o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish borasida qiyinchilikka duch keladi. Ya’ni, ular bu vaqtda legioner futbolchilar xizmatidan foydalana olmaydi.
Qatar esa Turkmanistonga qarshi o‘ynamoqda, Suriya Malayziya bilan bellashishi, Tailand o‘z ligasining legionerlariga qarshi saf tortishi mumkin. Oldingi ikki o‘yin FIFA reytingida hisobga olinadi va «A» toifa reglamentiga amal qilinadi. Tailand esa mamlakatda to‘p surayotgan xorijiy legionerlariga qarshi o‘yinidan tushadigan pulni xayriya yo‘lida sarf etishi haqida Facebook sahifasida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston tanlagan yo‘l mutlaqo boshqa. O‘yin yopiq, mashg‘ulotlarning ham OAV ko‘zidan panada o‘tayotgani Qirg‘iziston mavzudan tashqarida ekanini ko‘rsatib turibdi. Yo‘qsa, o‘yin panada o‘tsa-da, futbolchilarning mashg‘ulot bu qadar yashirin bo‘lmasdi.
Xulosa
Bosh jamoaning muxlislar bilan yaqinlashish o‘rniga, ulardan qochishga harakat qilishi tushunarsiz holat. Qirg‘izistonga qarshi uchrashuvga tashrif buyuradigan ishqibozlar katta ehtimol bilan futbolchilarni qo‘llab-quvvatlab, ularga rasmiy o‘yinlarda omad tilashi, ruhiyat berishi va kayfiyatini ko‘tarish uchun xizmat qilishi mumkin edi.
Iqtisodiy tomondan olib qarasak, O‘FF chipta sotish orqali ham biroz foyda qilishi ham mumkin edi. «Terma jamoamiz muhim uchrashuvlar arafasida turibdi, Qirg‘izistonga qarshi o‘yin buning uchun tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi.
Stadionga keling, futbolchilarni qo‘llab-quvvatlang, biz bir jamoamiz va maqsad sari birgalikda kurashamiz», — deb «Sport»da rolik bersa, kelardi 10 ming bo‘lsa ham ishqiboz.
Eng arzon chipta 10 mingdan, qimmati 30 mingdan sotilsa, O‘FF uchrashuvga ketgan harajatlarini qisman chiqarib olishi mumkin edi.
Babayan noto‘g‘ri ish qildi demoqchi emasman. Natijaga u javobgar. Agar futbolchilarini hammadan yashirishni istasa — bemalol. Xitoy va Janubiy Koreya taslim etilsa hamma xursand, yo‘qsa, hammasiga o‘zi javob beradi. Umuman murabbiy taktikasini hurmat qilishimiz kerak.
Ammo xatoni xato bilan to‘g‘irlashga urinish — katta xato. FIFA nizomida yo‘q narsani bor deb ko‘rsatish, futbol jamoatchiligiga nisbatan hurmatsizlik.
Davrimizda axborotni yashirishga urinishni oqlab bo‘lmaydi, buning iloji yo‘q. Biz bugun QFFga ham, FIFAga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishimiz, bor haqiqatni bilishga urinishimiz mumkin.
O‘FFning vazifasi esa haqiqatni yashirmay, bor gapni aytish. Sardor Rahmatullaev Xalqaro press-klubda shaffoflik haqida bong ursa-yu, shunday katta tashkilot arzimagan ishlarni deb «qovun tushirib» yursa, uyat bo‘lib ketsa kerak.
Ha, aytgancha, Qirg‘izistonga qarshi o‘yinimizni xitoyliklar ko‘rib qolgani bilan hech narsa o‘zgarmaydi. Termani asosiy futbolchilari legionerlar ekani inobatga olinsa va aynan ular rasmiy o‘yinlarda muhim figura ekani aytilsa, Xitoy O‘zbekiston chempionatida o‘ynayotgan futbolchilarning Qirg‘iziston bilan o‘yinidan hech narsani tushuna olmaydi.
Qo‘rqmaslik kerak, muxlislarni hurmat qilish kerak. Biz istayotganimiz bor-yo‘g‘i shu.
D.Imomxo‘jaev
Manba: www.daryo.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi