Mirabror Usmonov: Vadim Abramov ommaga bo‘hton singdirishga harakat qilayotgani tushunarsiz

Ushbu haftada O‘zbekiston Futbol Federasiyasi Prezidenti huzuridagi murabbiylar kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Mirabror Usmonov murabbiylar kengashining navbatdagi majlisidagi so‘zi avvalida «Lokomotiv» bosh murabbiyi Vadim Abramovning matbuotdagi chiqishlariga ham o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.
“Ming afsuslar bo‘lsinkim, terma jamoalarimizning yutuqlari ayrim murabbiy va mutaxassislar tomonidan suiste’mol qilinyapti. Bu, ayniqsa, o‘zi ishtirok etayotgan musobaqalarda mag‘lubiyatga uchrab, uning sababini o‘zidan emas, boshqalardan qidiradigan Oliy liga klublari, ularning murabbiylari OAV bilan suhbatlarida yaqqol namoyon bo‘layotganligi achinarli hol, albatta.
Toshkentning “Lokomotiv” klubi bosh murabbiyi Vadim Abramov o‘yindan keyingi matbuot anjumanlarida “Lokomotiv” jamoasining qayd etayotgan mag‘lubiyatli o‘yinlariga klub a’zolarining milliy terma jamoaga jalb etilayotganligini sabab qilib ko‘rsatdi. U “Lokomotiv” futbolchilari milliy terma jamoaga chaqirilib, safarlarga turist sifatida borayapti deb, ommaga asossiz ma’lumot tarqatish barobarida O‘zbekiston milliy terma jamoasiga, terma jamoaga shart-sharoit yaratib berayotgan O‘zbekiston Futbol Federasiyasining mehnatiga hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘ldi. Hatto “Paxtakor”ga qarshi o‘yindagi “Lokomotiv”ning mag‘lubiyatida ham milliy terma jamoani aybdor qilib ko‘rsatdi. Abramovning ommaga yolg‘on bo‘xtonni singdirishga harakat qilayotgani juda tushunarsiz holat. Chunki, milliy terma jamoa futbolchilarni jalb etishda ularning klublari, obro‘-e’tiboriga qaralmaydi, aksincha, shu kungacha eng yaxshi tayyorgarlikka ega futbolchilargina tarkibga jalb qilinadi”, - deydi Usmonov.
“Men tushunaman, har qanday murabbiy o‘z klubi manfaatidan kelib chiqib gapiradi. Lekin, mag‘lubiyatda qanday qilib terma jamoa aybdor bo‘lishi mumkin? Jarohatlar bo‘lmasa, futbolchilar doimiy mashg‘ulotda bo‘lsa, muammo nimada axir? Vadim Abramov milliy terma jamoa bosh murabbiyi bo‘lgan yillarda haftalab o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida yurilgan vaqtda, klublardagi hech bir murabbiy Abramov bugun o‘rinsiz gapirayotgani kabi nolimagan, omadsiz o‘yinlarga terma jamoaning yig‘inlarini sabab qilib ko‘rsatmagan edi”, - deydi Usmonov.
“Bizningcha yaxshi murabbiy mag‘lubiyatni tan ola bilishi, g‘alaba qozongan hamkasbini qo‘lini siqib qo‘yib, tabriklashi kerak. Bor aybni boshqalarga ag‘darib, mag‘lubiyatning sababini o‘zidan emas, boshqalardan qidirish professional murabbiyning ishi emas”, - deydi O‘FF Prezidenti. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing