Futbol muxlislari ustozlar bayrami oqshomini o‘zgacha shukuh bilan qarshilashdi. Ustozni qutlash, uning sha’niga olqishlar aytish - shogirdlar uchun katta baxt. E’zozdan baxtiyor ustoz, qutlash imkonidan shod shogirdlar bayram oqshomi miriqib futbol tomosha qilishdi. Biz bu xulosani anchagina ishonch bilan aytmoqdamiz. Sezgan bo‘lsangiz, gap «Navbahor» - «Paxtakor» uchrashuvi haqida bormoqda.
«Sport» telekanali shu uchrashuvning to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyasi misolida o‘zgarishlar sari yana bir qadam tashladi. Bo‘lar ekan-ku, shunday bahslarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatsa. Ochig‘i, ham o‘yin, ham translyatsiyadan yayradik. Go‘yo yevrofutbol tomosha qilayotgandek bo‘lishdi muxlislar. Albatta, bu kabi mubolag‘a uchun bizni ayblamaysiz. Negaki, Namangandagi bahsning to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilishi bilan qancha-qancha muxlislar orzulari ushaldi. Endi shu xayrli ish to‘xtab qolmasa, bas! «Sport» telekanali ijodkorlari ham o‘ziga xos «syurpriz» uchun aynan «Navbahor» - «Paxtakor» o‘yinini tanlab, g‘oyat oqilona yo‘l tutishdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ular tanlagan taktika o‘zini oqladi. Bahs kutilganidek bayramona va qizg‘in kechdi.
Boshqalarni bilmadik, ammo biz «Everton» - «Bernli», «Benevento» - «Inter», «Lokomotiv» - «Dinamo» uchrashuvlarini kuzatishga oshiqmadik. Ilk bor «Futbol-1», «Futbol-2», «Match- TV»larni tinch qo‘ydik. Negaki, Namangandagi bahs bilan ketma-ket efirga uzatilgan bu o‘yinlar u qadar qiziqtirmadi. Balki bu ham «Sport» telekanali taktikasining uzviy qismidir. Fakt shuki, «Navbahor» - «Paxtakor» uchrashuvi yevrofutboldagi markaziy bahslar soyasida qolib ketmadi. Xullas, hamma-hammasi «Sport»ning uzviy maqsadini qo‘llab-quvvatladi. Bu vaqtga kelib, muxlislar «Arsenal» - «Brayton» uchrashuvini kuzatib ulgurishgandi. O‘ylaymizki, ko‘pchilik «Barselona» - «Las-Palmas» o‘yini tomoshasini ham nari surgan. Nari surmaganlar esa keyinchalik afsuslangan bo‘lsalar, ajabmas.
Ha, yakshanba kuni «Navbahor» va «Paxtakor» ishtirokida katta harflar bilan yoziladigan O‘YIN ko‘rdik. «Sherlar» shijoati tom ma’noda sinovdan o‘tdi. Yo‘q, yo‘q, Shota Arveladze Namangan futboliga murabbiylik sinovini topshirdi. «Navbahor» bu o‘yinda borini berib to‘p surdi. Ilhom Mo‘minjonov butun borlig‘i bilan harakatni boshqardi. Namanganda «sherlar»ning g‘olibona na’rasi yangramadi. Shota Arveladze shogirdlari bir muddat tin olishdi. Namangan stadioni fusunkor muhiti unga Tbilisidagi futbol bayramlarini eslatdi. Gruzin mutaxassisi «Navbahor» timsolida o‘zbek futbolining shashtu-shijoati, nimalarga qodirligini ko‘rdi. Shuningdek, milliy terma jamoamiz ishtirokidagi o‘yinlar aslida aldamchi taassurot ekanligiga iqror bo‘ldi, nazarimizda. Ha, barchamiz bosh jamoamizdan shunday shijoatni so‘ragandik.
Afsuski, termamiz shijoat nimaligini oxirigacha anglab yetmadi. Hattoki, muxlislar ham milliy futbol makonimizda shijoat bilan kechadigan o‘yinlar bo‘lishiga asta-sekin shubhalana boshlashgandi. Shijoatning bari Angliya premer-ligasiga taqsim qilib berilgandek edi, go‘yo. Hamma asta-sekin xotirjam o‘yinlar ruhiga ko‘nikayotgandi. Igor Sergeyev ham o‘sha xotirjamlik qo‘ynida gollar urayotgandi. Shota Arveladze esa «Lokomotiv» ustidan qozonilgan g‘alaba sururi bilan «Tamom! Endi «Paxtakor»ga teng keng keladigan jamoa yo‘q oliy ligada!» deya g‘alaba kayfiyatini surayotgandi. Ayrimlar «Igor Sergeyev va Otabek Shukurov qandaydir bosim ostida milliy jamoamiz uchun astoydil to‘p surolmagan, nihoyat, barchasidan qutilib, o‘zlarini ko‘rsatishmoqda» qabilida xayolga cho‘mishgandi. Shunday pallada oliy liga osmonida birdan chaqmoq chaqdi. «Lochinlar»ning shiddatli parvozi barcha-barchani sergak torttirdi, umumiy xulosalarni o‘zgartirib yubordi.
Bir necha maqolamizda Shota Arveladze va «Paxtakor» o‘yiniga nisbatan juda ehtiyotkorona bildirgan tanqidiy mulohazalarimiz zamirida haqiqat izlari borligini «Navbahor» matonati bilan isbotladi. Kanyuk - Simich tandemi bu safar ish bermadi. Bu tandem shashtini «Navbahor» stadionidagi ajabtovur futbol shukuhi sindirdi. O‘rtamiyona ruhda o‘tayotgan o‘yinlarda gollar urayotgan Igor Sergeyevning kuchli bosim qarshisida haqiqatan ham, dovdirab qolishi yana bir bora tasdiqlandi. Shu ma’noda «Navbahor» stadionidagi momaqaldiroq guldurosi «Paxtakor» mutasaddilari uchun saboq sadosidir! «Paxtakor»ning yorqin kelajagi bilan bog‘liq ulkan maqsadlar uchun har qanday bosimni maydondan chetga uloqtiradigan futbolchilar zarur.
Mazkur mulohazalarni yozishga hozirlanish chog‘i «Qo‘qon-1912»ning «Sho‘rtan» ustidan qozongan g‘alabasiga alohida e’tibor qaratdik. Buning sababi muxlislarga ayon. Gap shundaki, No‘’mon Hasanov shogirdlari birinchi davrada G‘uzorda ham yutuqqa erishgandilar. Qo‘qondagi g‘alaba - oliy ligada murosasiz o‘yinlar ko‘payib borayotganidan darak. «Navbahor»ning «Paxtakor» uchun suv va havodek zarur 3 ochkoni hech ikkilanmay tortib olgani, mehmonlarga marhamat ko‘rsatmagani - yangi futbol havosi shodiyonasidir.
Shodiyonaga sherik bo‘lish - bizning burchimiz. Shu burch hurmati «Navbahor» klubi uchun yozilgan madhiyani e’tiboringizga havola etamiz. Buni takror-takror eslatgani uchun Abdulla Nurmonovga rahmat. 2ta go‘zal gol sharafiga madhiya ikki variantda yozildi.
Birinchi variant
Yevromuxlis nari tur,
Biz emasmiz sendan kam.
Olg‘a, «Navbahor», gol ur,
Hujumga bor damba-dam.
Lochinlar! Parvoz! Parvoz!
Parvozga gollar pardoz!
Hech cho‘chima raqibdan,
Yodda tut shonli chog‘ing.
Bo‘shashmagin ta’qibdan,
Bizlar - ishongan tog‘ing.
Lochinlar! Parvoz! Parvoz!
Parvozga gollar pardoz!
Lochinlar yozing qanot,
Maydonda uchmoq uchun.
Unutmaymiz umrbod,
Olovga aylan, uchqun!
Lochinlar! Parvoz! Parvoz!
Parvozga gollar pardoz!
Ikkinchi variant
Maydon - keng osmon,
Maydon muqaddas.
Emasdir oson,
Uchmoq basma-bas!
O‘yna, «Navbahor»!
Biz senga hamdam.
Gol ur, «Navbahor»!
G‘olib bo‘l hardam.
Parvoz et xushbaxt,
Shashting so‘nmasin.
Lochinlar hech vaqt
Mag‘lub qo‘nmasin!
O‘yna, «Navbahor»!
Biz senga hamdam.
Gol ur, «Navbahor»!
G‘olib bo‘l hardam!
Jamoa madhiyasining yakuniy matnini qabul qilish muxlislar va mutasaddilar ixtiyorida, albatta. Muhimi, biz har ikki variantda futbolimizdagi quvonchni ifodaladik. Hozircha shu kifoya!
Manba: interfutbol.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
O‘zbekistonda bukmekerlik xizmatlarni targ‘ib qilgan saytlar bloklandi
AQSHda klinik o‘limdan omon qolgan erkak vaqt o‘tib jinoyatchiga aylandi
Senat: O‘zbekiston yod tanqisligi bo‘yicha og‘ir hudud bo‘lib qolmoqda