21:01 / 30.12.2017
7 502

Ravshan Haydarov: Osiyo chempionatiga katta maqsadlar bilan yo‘l olayapmiz

Ravshan Haydarov: Osiyo chempionatiga katta maqsadlar bilan yo‘l olayapmiz
Bugun O‘FF anjumanlar zalida U-23 yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ishtirok etadigan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi hamda terma jamoa futbolchilari ishtirokida OAV vakillari bilan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Avvalroq xabar berilganidek, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi 5 yanvar kuni ushbu Osiyo chempionatida ishtirok etish uchun Xitoyga jo‘nab ketadi. Terma jamoa bosh murabbiyi Ravshan Haydarov musobaqaga jo‘nab ketish oldidan terma jamoa yaxshi tayyorgarlik ko‘rgani va Xitoyga yaxshi kayfiyatda yo‘l olayotganini ta’kidladi.

"Osiyo chempionatiga har tomonlama tayyorgarlik ko‘rdik. Ayni damda terma jamoaga eng munosib hamda kuchli 23 nafar futbolchini jalb etdik. Osiyo chempionatida faqat yaxshi natija ko‘rsatishga harakat qilamiz. Terma jamoaga sharoit yaratib bergan, mashg‘ulotlar va xorij yig‘inlarini tashkil etgan O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi rahbariyatiga katta rahmat. Biz oldimizga katta vazifa va maqsadlar qo‘yganmiz. Osiyo chempionatiga faqat g‘alaba va chempionlik uchun yo‘l olayapmiz", - deydi O‘zbekiston U-23 terma jamoasi bosh murabbiyi.

“Biz turnirda munosib tarzda ishtirok etishni maqsad qilganmiz. Boisi, bungacha o‘smirlar va yoshlar terma jamoalari Osiyo chempionatiga yo‘llanma olisha olmadi. Bu esa, bizga ikki karra mas’uliyat yuklaydi. Buni barcha his qilmoqda”.

“Tailanddagi turnir biz uchun juda ham foydali bo‘ldi. U yerda nafaqat natija, balki taktik va uslubiy jihatdan ham ancha muvaffaqiyatga erishdik. Turnir davomida turli taktik usullarni amalda sinadik. Ancha foydali va har tomonlama kerakli turnirda ishtirok eta oldik deb o‘ylayman”, - dedi Haydarov.

“Xitoyga uchib ketish oldidan Toshkentda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazdik. Qolaversa, Qarshida “Nasaf” bilan ikkita nazorat uchrashuvida maydonga tushdik va buning uchun ushbu uchrashuvlarni o‘tkazishda bizga labbay deb javob bergan “Nasaf” ustozi Ro‘ziqul Berdiyevga katta tashakkur. Ushbu uchrashuvlardan so‘ng tarkib borasida bir to‘xtamga keldik va tarkibni tanladik”.

Ushbu matbuot anjumanida ishtirok etgan O‘zbekiston U-23 terma jamoasi futbolchilari ham musobaqa oldidan o‘z fikrlarini bildirishdi.

Zabihillo O‘rinboyev (O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi sardori):
“Turnirda yaxshi ishtirok etib, barchani xursand qilishga harakat qilamiz. Musobaqaga faqat g‘alaba uchun yo‘l olamiz”.

Javohir Siddiqov (Yarim himoyachi): “Aytishim mumkin, biz rasmiy musobaqalarda ishtirok etadigan yagona terma jamoa hisoblanamiz. Bu biroz yoqimsiz bo‘lsa ham, haqiqat. Bu esa, bizga yanada katta mas’uliyat yuklaydi. Biz ham muxlislar ishonchini oqlashga harakat qilamiz. Turnirda faqat chempionlik uchun kurashamiz”.

Doston Hamdamov: (Hujumchi): “Ushbu musobaqada munosib ishtirok etishni va yurtimizga yaxshi natijalar bilan qaytishni maqsad qilganmiz. Barchaning e’tibori bizda va biz ham shunga yarasha muxlislarni xursand qilishni istaymiz”.


Manba: www.the-uff.com

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ravshan Haydarov: Osiyo chempionatiga katta maqsadlar bilan yo‘l olayapmiz